Ijro intizomisiz taraqqiyot boʻlmaydi
2025-12-06 19:00:00 / Yangiliklar

Shu jihatdan qaralganda, ijro intizomi islohotlarning muvaffaqiyatiga asos boʻlib xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2021-yil 31-maydagi “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Shundan kelib chiqib, Buxoro viloyati hokimligida ijro intizomini mustahkamlash maqsadida ish yuritishning ichki jarayonlari avtomatlashtirilib, elektron hujjat aylanishi tizimi toʻliq joriy etilgan. Xususan, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari hamda majlis bayonlarida berilgan topshiriqlari oʻz vaqtida ijroga qaratilib, sifatli bajarilishi qatʻiy nazoratga olingan.
Haftaning har dushanba kunlari Buxoro viloyati hokimi rahbarligida, haftaning chorshanba va juma kunlari hokimning birinchi oʻrinbosari huzurida ijro intizomi holati tanqidiy muhokama qilib kelinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari ijrosi kunbay, soatbay qatʻiy nazorat qilinmoqda.
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo elektron tizimi kiritilgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi hamda Hisob palatasi tomonidan ekspertizadan oʻtkazilganidan soʻng nazoratdan yechilishi belgilanganligini inobatga olgan holda, viloyat hokimligi apparatida ushbu topshiriqlar belgilangan muddatlarda va puxta bajaralishini taʻminlash maqsadida oldindan ogohlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Yaʻni har hafta 2 marotaba kelgusi oyning yakuniga qadar ijro muddati keladigan topshiriqlar roʻyxati eslatma sifatida hokim oʻrinbosarlari, maslahatchilari, boʻlinma rahbarlariga hamda tuman va shahar hokimliklariga yetkazilmoqda.
Hokimlik apparatida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi haqidagi maʻlumotlarni ijro muddati yakunlanishini kutmasdan elektron dasturga oldindan kiritib borish masalasiga alohida eʻtibor berilmoqda.
Viloyat hokimligi apparati masʻul xodimlari tomonidan har oyda bitta tuman va shaharda hamda viloyat boshqarma, korxona va tashkilotlarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi maqsadli oʻrganilmoqda. Jumladan, joriy yilning iyun oyida viloyat Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat hududiy boshqarmasida, avgust oyida Buxoro shahar hokimligida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlari ijrosi holati oʻrganilib, topshiriqlar ijrosini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatildi.
2025-yilning 11 oyi davomida viloyat hokimligi apparatida ijro intizomining holati 95 marotaba muhokama qilingan.
2023-yil 21-noyabr kuni Prezidentimiz rahbarliklarida kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, har bir topshiriqqa “temir intizom” bilan jiddiy yondoshib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning topshiriqlarini oʻz vaqtida, samarali hamda toʻliq bajarishda viloyat hokimining oʻrinbosarlari, viloyat korxona tashkilotlar rahbarlari, tuman va shaharlar hokimlarining roli hamda shaxsiy javobgarligini oshirish choralari koʻrilib, sustkashlikka yoʻl qoʻygan masʻul rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralari koʻrib borilmoqda.
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida 2025-yilning oʻtgan davri davomida viloyatga daxldor 4 232 ta topshiriq kelib tushgan boʻlib (2024-yilga nisbatan 556 taga yoki 15.1 % ga oshgan), ushbu topshiriqlarning 1 985 tasida viloyat hokimligi asosiy ijrochi hamda 2 448 tasida hamijrochi sifatida belgilangan.
Ushbu topshiriqlarning 4 232 tasi (99,7%)ning ijrosi taʻminlanib nazoratdan yechilgan. Qolgan 10 ta topshiriqda viloyat hokimligi hamijrochi sifatida belgilangan boʻlib, bugungi kunda ushbu topshiriqlarning ijrosini taʻminlash choralari koʻrilmoqda.
Joriy yilning noyabr oyida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida Prezidentimizning viloyat hokimligiga daxldor 172 ta topshiriqlari kelib tushgan boʻlib, barchasining ijrosi taʻminlandi.
Shuningdek, ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining Prezident Administratsiyasi modulidagi viloyat hokimligiga daxldor 7 ta va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari modulida Hukumatimizning 12 ta topshirigʻi kelib tushgan boʻlib, barchasining ijrosi taʻminlandi.
Joriy yilning dekabr oyidagi topshiriqlarning ijrosini taʻminlash boʻyicha kunbay kalendar grafik ishlab chiqildi. Har bir hokim oʻrinbosarlari kesimida “Yoʻl xarita”lari ishlab chiqilib, tasdiqlandi hamda ijroga qaratildi.
Dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 797 ta topshiriqlaridan 454 tasining ijrosi barvaqt taʻminlandi hamda qolgan topshiriqlar ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli taʻminlash boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrilmoqda.
Viloyatda Prezidentimizning, Prezident Administratsiyasining hamda Vazirlar Mahkamasining dekabr oyidagi qolgan topshiriqlari ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli taʻminlash boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrilmoqda.
Umid Qo'shshayev,
Viloyat hokimligi Ijro intizomi nazorati bo'limi boshlig'i
