Buxoroda imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz uchun bayram tadbiri tashkil etildi
2025-12-03 15:25:00 / Yangiliklar

Tadbirga viloyatimizda yashovchi Nogironlar jamiyati, Karlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Afgʻonchilar birlashmasi, Chernobilchilar birlashmasining aʼzolari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari va yoshlar taklif etildi.
Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan viloyat hokimi Botir Zaripov keksalarni hurmat qilish, imkoniyati cheklangan shaxslarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish Yangi Oʻzbekistonda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi.
Taʼkidlanganidek, nogironligi boʻlgan shaxslarning hayot sifatini oshirish, ular uchun qulay mehnat va turmush sharoitlarini yaratish, kafolatli ijtimoiy va moddiy taʼminotni tashkil etish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur xalqchil islohotlar natijasida viloyatimizdagi 242 ming nafarga yaqin keksa avlod vakillari, jumladan, 23 ming 588 nafar nogironligi mavjud keksalar, 4 nafar Ikkinchi Jahon urushi faxriysi, 110 nafar mehnat fronti faxriylari, 35 nafar yuz yoshdan oshganlar bugun davlatimizning kafolatli ijtimoiy himoyasi ostida umrguzaronlik qilishmoqda.
Xususan, birgina joriy yilning oʻzida “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi mablagʻlari hisobidan 52 nafar oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar sanatoriylarga yuborildi. 775 nafar nogironligi boʻlgan keksalar maxsus aravachalar, 308 nafari eshitish moslamalari, 118 nafari qoʻltiqtayoq va 299 nafari hassa bilan taʼminlandi.
Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ularning yurtimiz soʻlim goʻshalari va ziyoratgohlariga sayohatlarini tashkil etish, teatr va boshqa madaniy tadbirlarga jalb etish, ular orasida sport musobaqalari tashkil etish tadbirlari ham uzviy davom ettirilmoqda.
Imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz ham oʻzlarining matonatli mehnati, shukronalik fazilatlari bilan ham qolganlarga oʻrnak boʻlmoqda.
Tadbir davomida ana shunday yurtdoshlarimizdan bir guruhi viloyat hokimligining tashakkuromasi va qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Viloyatimiz sanʼat ustalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi esa barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









