Qorakoʻl: “Tashabbusli budjet” tufayli Qorahoji mahallasi yoʻli asfaltlashtirilmoqda
2025-12-01 16:00:00 / Yangiliklar

“Tashabbusli budjet” platformasi orqali ayni kunda Qorakoʻl tumanida ham mahalla va qishloq yoʻllari ravon koʻrinishga keltirilmoqda. Jumladan, “Qorahoji” MFY aholisi keyingi yillarda yoʻl muammosidan aziyat chekar, bu boradagi noroziliklar ham yetarlicha edi.
Nihoyat, ichki yoʻllarni asfaltlashtirish loyihasi qorahojiliklarning 4 681 ta ovozini toʻplab, “Tashabbusli budjet” umumilliy loyihasida gʻolib deb topilgani orziqib kutilgan yangilik boʻldi. Bu hamjihatlik mahalla aholisining oʻz hududini obod qilishdagi faolligi va birdamligini yaqqol namoyon etdi.
Gʻolib loyiha doirasida Dehqonobod qishlogʻining uzunligi 2,5 ming metr masofadagi ichki yoʻliga asfalt qoplamasi yotqizish ishlari jadal boshlandi. Bugun hududda keng koʻlamli taʼmirlash-tiklash, asfaltlashtirish ishlari samarasi oʻlaroq, ravon koʻrinish olayotgani yoʻl haydovchilar va piyodalar, yoʻlovchilar kundalik hayotida qulaylik yaratmoqda. Ayniqsa, maktabga qatnovchi bolalar, nuroniy pensionerlar harakatlanishi, transport vositalari qatnovi uchun xavfsiz yoʻl barpo etilmoqda.
Muhimi, jarayon toʻliq jamoatchilik ishtirokida, ochiq va shaffof tarzda amalga oshirilmoqda. Yangilangan yoʻl hudud qiyofasini butkul oʻzgartirib, aholi turmush tarziga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qolaversa, bu yoʻl mahalla aholisining ijtimoiy faolligi, birligi va tashabbuskorligini yanada oshirdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






