Kogon: “Niyozhoji” MFY Vadan qishlogʻida yana bir tashabbus—parrandachilik loyihasi amalda
2025-11-27 16:50:00 / Yangiliklar

Kurjan, Talcha, Niyozhoji, Vadan, Chambaron, Gʻanchi, Ganchkash qishloqlaridan tarkib topgan “Niyozhoji” MFY da bugunga kelib 1 610 ta xonadon, 1 985 ta oila va ularda jami 7200 dan ortiq aholi vakili umrguzaronlik qilmoqda. Mahalla maʼmuriyati, bevosita masʼul “yettilik” saʼy-harakati bilan joriy yilda niyozhojiliklarning 320 nafari doimiy ish bilan taʼminlangan. Eʼtiborlisi, ularning aksariyati kam taʼminlangan, madadga muhtoj oilalar vakillari.
Birgina “Har bir oila—tadbirkor” davlat dasturi doirasida joriy yil boshidan mahalla ahli uchun 1 milliard 200 million soʻm atrofida mablagʻ moliyalashtirilgan. Bu mablagʻ oltmishga yaqin tashabbuskorga rasmiylashtirib berilgani natijasida turli jabhada kichik sex koʻrinishida loyihalar ishga tushirilgan.
Ayni kunda Vadan qishlogʻida yashovchi Sherzod Roʻziyev ham yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, parrandachilik yoʻnalishida barqaror ishlab chiqarish tizimini yoʻlga qoʻydi. Hozirda Roʻziyev tomonidan tashkil etilgan xoʻjalikda 5 ming boshdan ortiq broyler joʻja parvarishlanmoqda.
Parrandalar veterinariya tartib-qoidasi asosida, zarur emlash vositalari bilan, sanitariya-gigiyena talablari asosida saqlanmoqda. Bunda belgilangan 40 kun muddatda zamonaviy texnologiyalar orqali parhezbop goʻsht yetishtirilmoqda. Xoʻjalikda tayyorlanayotgan parranda goʻshti bozorda xaridorini topgan boʻlib, mahalliy isteʼmolchilarga muntazam yetkazib berilmoqda.
Muhim jihati, ayni paytda Sherzodning qoʻli ostida 5 nafar doimiy ishchi mehnat qilib, har oyda 3-4 million soʻm atrofida maosh olmoqda. Tadbirkorlik faoliyati samaradorligidan xoʻjalikning yillik daromadi 200 million soʻmdan ortiqni tashkil etmoqda. Tadbirkor parrandachining taʼkidlashicha, faoliyatdan qoʻlga kiritilayotgan daromad kelgusida ishlab chiqarish quvvati va mahsuldorligini oshirishga yoʻnaltirilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









