Romitan: “Xoʻjaubbon” kanali oʻzani toʻliq betonlashtirilmoqda
2025-11-27 15:15:00 / Yangiliklar
Viloyat qishloq xoʻjaligida vegetatsiya mavsumi tugashi bilan bir qator suv inshootlarida taʼmirlash-tiklash, oʻzanlarni loy va xas-xashakdan tozalash, suv oʻtkazuvchanligini yaxshilash maqsadida ariq va kanallar oʻzanini betonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Jumladan, Romitan tumanining salkam 5 000 gektar ekin yerlarini sugʻorishda katta ahamiyatga ega “Xoʻjaubbon” kanali uzoq yillar davomida taʼmirlanmagani sababli inshootning suv oʻtkazish qobiliyati keskin pasaygan, buningn oqibatida suv isteʼmolchilari oʻrtasida haqli eʼtirozlar kelib chiqayotgandi. Bu kabi holatlarga barham berish, kanalning ish qobiliyatini yaxshilash, suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida mazkur gidroinshoot oʻzanini toʻla-toʻkis betonlash ishlari bundan bir muddat ilgari boshlab yuborilgan. Ayni kunda bu yerda belgilangan ishlar uyushqoqlik bilan olib borilmoqda.
Jarayonda pudratchi tashkilot “Vobkent olmos” xususiy korxonasi tomonidan suv inshooti qurilish obyektiga 7 ta ekskovator, 4 ta yuk mashinasi va zarur texnika vositalaridan unumli foydalanayotgan qirqqa yaqin ishchi-mutaxassis jalb etilgan.
“Amu Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, bunda belgilangan rejaga asosan, umumiy uzunligi 12 ming metrga teng boʻlgan suv inshooti oʻzani toʻliq betonlashtiriladi. Taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetgach, kanalning suv oʻtkazish qobiliyati soniyasiga 4,5 metr kub oʻrniga, 5,5 kub metrga yetkaziladi.
Aytish joizki, hududdagi oʻnlab dehqon-fermerlar, tomorqa yer egalari uchun “Xoʻjaubbon” kanalidan yer sugʻorish ishlari keskin yaxshilanaib, “obi hayot” isrofgarchiligining sezilarli ravishda oldi olinadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




