Kogon: “Niyozhoji” mahallasida madaniyat va istirohat bogʻi qurilmoqda
2025-11-15 12:25:00 / Yangiliklar

— Mazkur loyiha doirasida mahalla markazidan 6 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, dastlabki bosqichda mahalliy byudjetdan 877 million soʻm mablagʻ sarflangan, — deydi tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Alisher Haydarov. — Shundan soʻng “Arx smart spektr” MCHJ loyihasi asosida pudratchi subyekt “Raboti Malik elektro servis” MCHJ tomonidan oʻtgan yili maydon obodonlashtirilib, Ona haykali koʻchirib keltirib oʻrnatildi. Shuningdek, avtoturargoh tayyorlanib, yoʻlaklar, bogʻ asosiy sathi betonlashtirildi. Yoʻlaklarga tungi yoritish chiroqlari va skameykalar oʻrnatilib, hududga 500 tupdan ziyod manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazildi.
Istirohat bogʻi loyihasiga muvofiq, endilikda ikkinchi bosqichda bajariladigan ishlar uchun 2,5 milliard soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan. Bu sarmoyaga bogʻ oʻrtasidan hududga salqinlik taratib turuvchi 2 ta ariq qazib tayyorlanib, oʻzani betonlashtirilgan. Bogʻ boʻylab “sogʻlomlashtirish yoʻlaklari”, velosiped yoʻlagi barpo qilinib, hududda bolalar uchun atraksion va argʻimchoqlar oʻrnatish ishlari hademay boshlanadi.
Taʼkidlash joizki, loyiha doirasida koʻngilochar maskan, muzqaymoq va salqin ichimlik doʻkonlari, tez tayyorlanadigan taomlar (fastfud) shaxobchalari, koʻrkam bogʻ barpo etish koʻzda tutilgan. Bir soʻz bilan aytganda, kelgusi yildan yangi istirohat bogʻi tuman aholisi uchun koʻngilli hordiq chiqarish maskaniga aylanadi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





