Kogon: Kurjan qishlogʻida Safar bobo Toʻqov uy xoʻjaligi ham obod va havasga loyiq
2025-11-11 11:50:00 / Yangiliklar

Mahalla maʼmuriyati, bevosita masʼul “yettilik” saʼy-harakati bilan joriy yilda niyozhojiliklarning 320 nafari doimiy ish bilan taʼminlangan. Eʼtiborlisi, ularning aksariyati kam taʼminlangan, madadga muhtoj oilalar vakillari. Birgina “Har bir oila—tadbirkor” davlat dasturi doirasida joriy yil boshidan mahalla ahli uchun 1 milliard 200 million soʻm atrofida mablagʻ moliyalashtirilgan. Bu mablagʻ oltmishdan oshiq tashabbuskorga rasmiylashtirib berilgani natijasida turli jabhada kichik sex koʻrinishida loyihalar ishga tushirilib, asosiysi 70 nafardan oshiq fuqaroga daromad manbai yaratilgani quvonarli, albatta.
Niyozhojida yashovchi aholi asosan dehqonchilik va tadbirkorlik bilan shugʻullanadi, tomorqa mehnati bilan birga savdo va tijorat ishi, aholiga maishiy xizmat koʻrsatish tarmogʻi rivojlanmoqda. Ayniqsa, kaftdek yerdan unumli hosil olib, oilalariga moʻmay daromad keltirayotgan mehnatkash dehqonlar safi kengaymoqda.
Jumladan, Kurjan qishlogʻida yashovchi Safar bobo Toʻqov xonadoni ham ana shunday mirishkor oilalar sirasidan. Safar bobo tabarruk yosh, 78 bahorni qarshilaganiga qaramay, dalada mehnat qilib nabiralariga ham oʻrnak boʻlmoqda. Xonadon ichkarisidagi 4 sotix maydonda ayni kunda xushmanzara gullarning 15 ga yaqin turi ekib yetishtirilib, xaridorlarga yetkazilmoqda.
Har qarich yerni qadrlagan xonadon aʼzolari anvoyi gullar oʻstirish bilan birga, roʻzgʻor ehtiyoji uchun ekin yerida kech kuzgi turp, sholgʻom, sabzi, lavlagi, piyoz hamda ismaloq kabi ozuqabop ekinlardan moʻl hosil yetishtirmoqda. Ayni kunda tomorqadan barakali hosil yetishtirishda oilada voyaga yetgan 7 nafar farzandning ham oʻz oʻrni, jonbozligi bor, albatta. Muhimi, qoʻlga kiritilayotgan halol daromad tufayli mehnatkash oila turmush farovonligi oshmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









