Buxorolik tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlari topshirildi
2025-11-10 11:05:00 / Yangiliklar

Bugun viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni oʻz egalariga topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov oʻz hayotini inson salomatligini asrashdek olijanob ishga bagʻishlab kelayotgan fidoyi shifokor va hamshiralarni, soha faxriylarini kasb bayrami bilan yana bir bor tabrikladi.
Tibbiyot xodimlarining aholi salomatligini saqlash yoʻlidagi katta xizmatlari alohida eʼtirof etilib, ularga chuqur minnatdorlik bildirildi.
Shundan soʻng viloyat rahbari sogʻliqni saqlash rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabovaga “Sogʻlom turmush”, “Buxoro dori-darmon” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 1-markaziy dorixonasi boʻlim boshligʻi Mavlud Qurbonovaga “Shuhrat” medallarini tantanali ravishda topshirdi.
— Davlatimiz rahbarining eʼtibori menga yanada katta masʼuliyat yuklaydi. Aholi salomatligi yoʻlida izlanishdan, xizmat qilishdan aslo toʻxtamayman. Tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholini tibbiyotga emas, tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish yoʻlida xizmat qilaman, Eng muhimi, Prezidentimizga chuqur minnatdorligimni bildiraman, – deydi “Sogʻlom turmush” medali sohibi, Romitan tumani tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi Mamlakat Rajabova.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









