Buxorolik tibbiyot xodimlari sharaflandi
2025-11-08 17:35:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov soʻz olib, sogʻliqni saqlash tizimining jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatini alohida eʼtirof etdi, soha xodimlarini kasb bayrami bilan qutladi.
Eʼtirof etilganidek, buyuk mutafakkir alloma Abu Ali ibn Sinoning munosib vorislari sifatida xalqimiz salomatligi yoʻlida bor bilim va tajribasini ayamay, matonat koʻrsatib kelayotgan buxorolik oʻnlab, yuzlab tibbiyot xodimlarining har kungi ishi qahramonlik va xayrli ishlardan iborat desak, mubolagʻa emas.
Sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlarga toʻxtalsak, ayni kunda viloyat sogʻgʻliqni saqlash tizimida 714 ta xususiy tibbiyot muassasasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, joriy yilda 70 ta davlat tibbiyot muassasalarining qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 184 milliard 359 million soʻm mablagʻ ajratilib, ularning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi.
Viloyat Endrokrinologiya binosini qurish uchun 47 milliard soʻm mablagʻ sarflangan boʻlib, mahalliy va respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan yana 6,5 milliard soʻmlik zarur tibbiy asbob-uskunlar va jihozlar xarid qilindi. Dispanserda bir vaqtning oʻzida 120 nafar bemorga statsionar hamda 100 nafar bemorga ambulator yordam koʻrsatish imkoniyati yaratildi.
Ayniqsa, Shofirkon tumani aholisi tomonidan uzoq yillar orziqib kutilgan, zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha shart-sharoit yaratilgan Markaziy kasalxona foydalanishga topshirilgani, shuningdek, kelgusi yilda 54 ta tibbiyot inshootida qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 121 milliard 95 million soʻm mablagʻ moliyalashtirilgani katta muvaffaqiyat, albatta.
Joriy yil oʻtgan davri mobaynida 12 mingdan ortiq yuqori texnologik operatsiyalar amalga oshirilgani, bu orqali bemor oilalarining poytaxt yoki boshqa shaharlarga borib tibbiy xizmat olish zaruriyati uch baravarga kamayishiga erishilgani maqsadga muvofiq. Shu davrda aholini bepul dori-darmon vositalari bilan taʼminlash maqsadida qiymati 98 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratilgan.
Tadbir davomida joriy yilning oʻtgan davrida samarali va sifatli, halol va pok, xalqqa beminnat xizmat koʻrsatib kelayotgan 8 nafar tibbiyot xodimiga “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni, ish faoliyatida alohida oʻrnak koʻrsatgan yana bir guruh soha fidoyilariga viloyat hokimligining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.
Tantanali tadbir viloyatimiz sanʼat ustalari va yosh estrada xonandalarining konsert dasturi bilan yanada fayzli kechdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









