29-mart kuni Toshkentda "Avtomobilsiz kun" tadbiri o‘tkaziladi
2024-03-27 14:00:00 / Yangiliklar
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan joriy yilning 29-mart, juma kuni Toshkent shahrida “Аvtomobilsiz kun” tadbiri o‘tkaziladi.
Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston – 2030 strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 37-son Farmoniga muvofiq amalga oshiriladi.
"Avtomobilsiz kun"ni o‘tkazishdan asosiy maqsad sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, shuningdek, atrof-muhitni avtomobillardan chiquvchi zararli gazlardan himoya qilish, katta shaharlarda transport vositalari tirbandligini kamaytirish, jamoat transporti tizimini rivojlashtirish masalalariga jamoatchilik eʼtiborini qaratishdir.
Ekologiya vazirligi barchani "Avtomobilsiz kun"ga befarq bo‘lmaslikka, shaxsiy avtomobillar o‘rniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga chaqiradi.