Tojikiston O‘zbekistonning ekologik ekspertiza sohasidagi tajribasini o‘rganmoqda
2024-08-06 17:00:00 / Yangiliklar
Tashrif davomida Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan atrof-muhitga ta’sirni baholash jarayonida raqamli texnologiyalarni qo‘llash amaliyoti namoyish etildi. Shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro tajribalarni milliy qonunchilikka integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Qolaversa, ekologik jarayonlarda xorijiy amaliyot va innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilish tajribasi o‘rganildi. Ekologik jarayonlarda jamoatchilikning ishtirokini oshirish va ularning fikr-mulohazalarini hisobga olish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi. Shu bilan birga, ekologik monitoring tizimini rivojlantirish, eko-turizmni qo‘llab-quvvatlash va uning infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni kengaytirish va qo‘llaniladigan texnologiyalar bo‘yicha taqdimot namoyish etildi.
Tashrif davomida kelgusida ekologik sohada tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ta'kidlash joizki, Tojikiston delegatsiyasining tashrifi O‘zbekistonning ekologik ekspertiza borasidagi tajribasini o‘rganish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Tashrif 10-avgustgacha davom etadi.