Asosiy kontentga o'tish

Noqonuniy qum-shag‘al qazilishi natijasida tabiatga 87 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi

2024-08-05 16:00:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi, viloyat Milliy gvardiya xodimlari, viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda Bekobod tumani “Achamayli” MFY hududidan oqib otuvchi Sirdaryo daryosida ekologik nazorat tadbirlari olib borildi.

Reyd davomida daryoning chap qirg‘og‘idan davlat raqami yechib olingan texnika vositasi (yuklagich) yordamida ishlov berilmagan qum, qum-shag‘al aralashmalari “Hovo” hamda “Zil” yuk tashish avtotransport vositalariga yuklanib, olib chiqib ketilayotganligi aniqlandi.

Ta’kidlash joizki, “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmoniga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan boshlab Chirchiq, Sangzor, Zarafshon, Norin, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo daryolari o‘zanlaridagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Moratoriy davrida qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun undirish summalari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.

Qum-shag‘al qazib olinish natijasida tabiatga 87 milliard 651 million 83 ming  344 so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi. 3 ta yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun Bekobod shahar hududidagi jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ish yuzasidan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

871

Oxirgi yangilanish: 2024-08-06 17:24:02

Noqonuniy qum-shag‘al qazilishi natijasida tabiatga 87 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazildi