audio

    0+
    Rasmiy munosabat!

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida 10 000 ta plastik oʻrdakchalar tushirilmoqchi ekanligi haqida xabar tarqaldi.

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bunday xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va bunday holatlar qonunga koʻra javobgarlikka sabab boʻlishini maʼlum qiladi.

    Holat yuzasidan vazirlik tomonidan voqea joyiga chiqilib, mutasaddilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Bunday xatti-harakatlar O‘zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi va "Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanishi hamda  javobgarlikka sabab bo‘lishi to‘g‘risida qat'iy ogohlantirildi.

    Vazirlik istirohat bogʻlari, dam olish maskanlari mutasaddilarini ekologiyaga zarar keltiradigan xatti-harakatlarni amalga oshirmaslikka chaqiradi. Shuningdek, blogerlar, vaynerlar, ijtimoiy tarmoqlar faollaridan tabiatni asrab-avaylashga qaratilgan gʻoyalarni targʻib qilishni, bu mavzularda ijtimoiy roliklar tayyorlashni soʻraydi. Vazirlik bu borada ularga  koʻmak berishga tayyor.

    Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar” deya  belgilab qoʻyilgan.

    Unutmang! Atrof-muhitga zarar yetkazish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 91prim 1-moddasi, 95, 161-moddalariga koʻra qatʼiy javobgarlikka sabab boʻladi.

    Plastik buyumlar uzoq muddat chirimaydi va chiqindi sifatida tabiatga katta zarar yetkazadi. Shunday ekan, oʻzimiz va farzandlarimiz yashab turgan tabiatni toza saqlashga, asrab-avaylashga hissa qoʻshaylik!

    • view_icon 1598
    : 2024-05-29 17:24:46