“Toza havo” oyligi: atmosferaga 147,2 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olindi
2024-05-21 12:25:00 / Yangiliklar
Tadbir davomida jami 205 ming 184 ta avtotransport vositasi ekologik nazoratdan oʻtkazilib, 4143 tasida ishlatilgan gazlarning ifloslantiruvchi moddalari miqdori oʻrnatilgan meʼyorlardan yuqori ekanligi aniqlandi.
O‘z navbatida ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qoʻpol ravishda buzgan 1482 ta avtotransport haydovchilariga nisbatan Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan zarur choralar koʻrildi.
Bundan tashqari, YPX maskanlarida, koʻchalarda hamda avtokorxonalarga kirish/chiqish joylarida foydalanishda boʻlgan avtotransport vositalari tekshirilib, atmosferaga me’yoridan ortiq zararli moddalar chiqarayotgan texnika vositalari vaqtincha toʻxtatildi va taʼmirlash majburiyati yuklatildi. Natijada jami 147,2 tonna ifloslantiruvchi moddalar atmosfera havosiga chiqarilishining oldi olindi.
Ma’lumot uchun, “Toza havo” oyligi Oʻzbekiston Respublikasi “Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 16, 17 va 28-moddalari hamda “Ekologik nazorat toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasi talablari ijrosini taʼminlash, foydalanishda boʻlgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazoratini olib borish maqsadida amalga oshirilmoqda. Tadbirning 2024-yildagi ikkinchi bosqichi 10-avgustdan 10-sentyabrgacha (Toshkent shahrida 10-sentyabr – 10-oktyabr) o‘tkaziladi.