Buxoro va Omsk viloyatlari oʻrtasida hamkorlik rivojlantiriladi
2025-04-26 21:15:00 / Yangiliklar

Muloqotda taʼlim, turizm, sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti, aholi bandligi kabi muhim yoʻnalishlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mazkur tashrif ikki hudud oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi aloqalarni rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻlgani eʼtirof etildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov bugungi kunda Oʻzbekiston - Rossiya munosabatlari yangi bosqich – koʻpqirrali strategik ittifoqchilik va ishonchli hamkorlik darajasiga koʻtarilganini qayd etib, hududlararo aloqalar faollashayotganini bildirdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi besh yilda Buxoro viloyati va Rossiya Federatsiyasi subyektlarining savdo-iqtisodiy hamkorligida salmoqli natijalarga erishildi. Aytish joizki, Rossiya Federatsiyasi Buxoro viloyati bilan tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega boʻlgan yetakchi uch davlat qatoridan joy olgan. 2024-yil yakunlari boʻyicha viloyatimiz bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi oʻzaro tashqi savdo aylanmasi 380,0 million dollarga yetdi. Jumladan, eksport hajmi 92,0 million dollarni, import hajmi esa 288,0 million dollarni tashkil etdi.
Joriy yilning 3 oyi davomida bu koʻrsatkich 134,0 million dollarni tashkil qilib, eksport hajmi 25,0 million dollarni, import hajmi esa 109,0 million dollarni tashkil etdi. Yaqin yillarda Rossiya oʻrtasidagi tashqi savdo koʻrsatkichini 1,0 milliard dollarga, 2030-yilda esa bu koʻrsatkichni oshirish rejalashtirilgan.
— Albatta, bu qiyin, ammo shunga qaramay, amalga oshirish mumkin boʻlgan vazifa. Ishonamizki, kelgusida rossiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va butun sanoatni rivojlantirish, shuningdek, tovar ayirboshlash hajmini oshirish va Rossiya kompaniyalari ishtirokida yangi qoʻshma korxonalar yaratishga erishamiz, - dedi Botir Zaripov.
Viloyat rahbari mazkur yoʻnalishdagi ishlar yangi bosqichda davom etishini bildirib, ikki hudud oʻrtasida savdo-iqtisodiy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, turizm, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratdi. Omsklik tadbirkorlarni Buxoroga kelib, iqtisodiy-investitsiyaviy imkoniyatlar bilan tanishish, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.
Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko ikki hudud hamkorligini yanada rivojlantirishni, qoʻshma dastur va loyihalar amalga oshirilishini bildirdi.
— Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida mintaqamizning asosiy hamkorlaridan biridir. Omsklik tadbirkorlar Oʻzbekistonga toʻqimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilib, kimyo mahsulotlari va yogʻoch yetkazib bermoqda. Hamkorlik bu bilan cheklanmaydi, deyarli barcha sohalarni qamrab oladi. Ishonamanki, uchrashuvimiz Omsk va Buxoro viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi navbatdagi qadam boʻladi, - dedi gubernator.
Videotaqdimotda Buxoroning mavjud salohiyati va imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Muloqot yakunida ikki hudud oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy gumanitar va boshqa sohalarda aloqalarni mustahkamalash toʻgʻrisida kelishuv imzolandi. Hamkorlikda yangi loyihalarni boshlash, ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









