Viloyat Turizm boshqarmasining tumanlararo boʻlimi ochildi
2025-02-22 20:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda respublika Turizm qoʻmitasi masʼul xodimi Shavkat Sharipov, shu qoʻmita huzuridagi "Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi" DUK mutaxassisi Suxrob Fayziyev, Buxoro viloyati turizm boshqarmasi boshligʻi Suhrob Bobokalonov va boshqalar, jamoatchilik vakillari qatnashdilar.
Ochilish marosimida taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda viloyatimizda sayyohlik sohasi rivojlanayotgani, xususan, qadim Buxoroga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni yildan yilga koʻpayib borayotgani natijasida hududda turizm infratuzilmasi shakllanib, turizm qishlogʻi va etno mahallalar paydo boʻlayotgani mazkur tumanlararo boʻlim faoliyatiga ehtiyojni oshirdi.
Birgina Gʻijduvon tumanini olsak, azaldan savdogar tijoratchilar yurti boʻlgani bois, tuman markazidagi Qoʻrgʻon mahallasida ham bugunga kelib yuzdan ortiq novvoy, alohida qandolatchi-holvapazlar, qassoblar, qoʻli gul hunarmandlar, savdogar tijoratchilar istiqomat qilib kelishmoqda. Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy ziyoratgohi bilan uygʻunlikda qadimiy “Gʻijduvon Qoʻrgʻoni”ni qayta tiklash orqali qadimiy va hamisha navqiron Buxoroning bir qismi sifatida ochiq osmon ostidagi muzey barpo qilishga qaror qilingan.
Pudratchi “DJ Progect building” tomonidan qadimiy “Gʻijduvon qoʻrgʻoni”ning dastlabki loyihasi ishlab chiqilgan. Xalqaro ekspertlar hamda Oʻzbekistondagi Markaziy Osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti boshchiligida XIX asrga oid “Bozori qaymoq”, “Boloyi qassobon”, “Boborahimboy” masjidlari va XVI asrga oid “Eski tosh hammom” kabi qadimiy inshootlardagi qayta taʼmirlash va tiklash ishlari yakunlanib, mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrifiga tayyorlangan.
Shuningdek, Shofirkon tumanida koʻp ming yillik inshootlar qatorida tarixiy ahamiyatga ega “Vardonze” qoʻrgʻoni, “Yetti Pir” silsilasiga mansub avliyolardan biri Xoja Orif Ar-Revgariy ziyoratgohi, yana hududda azaldan shakllangan hunarmandchilik, soʻzanachilik va kashtadoʻzlik anʼanasi, Vobkent tumanida “Yetti Pir” silsilasiga mansub avliyolardan biri Xoja Anjir Fagʻnaviy ziyoratgohi va boshqa qadamjolar, “Shirin” etnoturistik qishlogʻi va unda davom ettirilayotgan hunarmandchilik namunalari mahalliy va xorijiy sayyohlar qiziqishiga sabab boʻlmoqda.
Tadbirda “Qoʻrgʻon” mahallasi iqtidorli yoshlarining qoʻl mehnati namunalari, mahalla hunarmandlari, jumladan, Gʻijduvon kulchasi, holva-shirinliklari, milliy taomlari, kulolchilik buyumlari namoyishlari hamda folklor jamoasi chiqishlari ishtirokchilarga xush kayfiyat bagʻishladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati