Vobkent: Choʻrikalonda naslli qoramol boqish ommalashmoqda
2025-02-15 20:10:00 / Yangiliklar

Tumandagi "Choʻrikalon" MFY da yashovchi Farrux Zokirov ham ayni soha rivojiga salmoqli hissa qoʻshayotgan oilaviy xoʻjalik mirishkorlaridan. Oʻtgan 2024-yilda tadbirkor tomonidan Estoniya davlatidan 14 bosh "golshteyn" qizil zotli qoramol xarid qilib keltirilgan boʻlsa, bugunga kelib zotdor qoramol soni 27 boshga koʻpaygan.
— Ishni bir maromda olib borib, nasib etsa, yaqin ikki yilda tuyoq sonini 40 boshdan oshirish harakatidamiz,—dedi Farrux Zokirov.—Muhimi, hozirda xoʻjaligimizda 3 kishi ish bilan taʼminlangan. Boʻrdoqiga boqilayotgan buqalardan oyiga 30 million soʻm, yiliga 350 million soʻmga yetkazib moddiy manfaat koʻrilmoqda. Albatta, bunda qishlovga alohida eʼtibor qaratilib, kech kuzda makkajoʻxori silosi, dagʻal xas-xashak va pichanni yetarlicha jamgʻarganmiz. Qolaversa, mollarimiz kundalik ozuqa ratsionida kunjara, sheluxa, kepak, bugʻdoy yormasi ham bor.
Umuman, birgina Vobkent tumanida bugunga kelib bevosita chorvachilikka ixtisoslashgan jami 36 ta qoramolchilik, shundan 10 ta naslchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaligi va oilaviy korxona faoliyat yuritib, imkoniyatlarini kengaytirayotgani quvonarli, albatta. Jumladan, “Oqrabod”, “Saʼdullo”, “Orziobod”, “Nuriddin-Murod”, “Tursunbozor zamini”, “Xolmurod Alisher”, “Zokirbek chorva—2018”, “Neʼmatov Amirbek Rustamovich”, “Najim Toshobod” kabi fermer xoʻjaliklari, shuningdek, “Razzoqova Zarnigor Abdurasulovna” oilaviy korxonasi tarmoqda sezilarli yutuqlarga erishmoqda.
Qoramolchilik tarmogʻini rivojlantirishda ishbilarmon chorvadorlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlagan holda 2024-yil davomida hududda umumiy qiymati 42 milliard soʻmga teng boʻlgan 7 ta loyihani amalga oshirish va buning natijasida 65 ta yangi ish oʻrnini yaratish chora-tadbiri koʻrilgan.
Hozirda mazkur xoʻjaliklarda boʻrdoqichilik va sut yetishtirish yoʻnalishlarida boqilayotgan qoramollar uchun yetarli ozuqa zahirasini yaratish, talab va ehtiyojga yarasha chorva ozuqasi ekib yetishtiriladigan qoʻshimcha ekin yeri olishga eʼtibor qaratilmoqda. Xoʻjaliklarda parvarishlanayotgan nasldor mollar uchun tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi tomonidan malakali veterinariya servis xizmatlari koʻrsatish boʻyicha hududdagi 12 ta veterinariya xizmati koʻrsatish uchastkasi faoliyati talab darajasida tashkillashtirilgan.
Joriy yil boshidan tumanda barcha toifadagi xoʻjaliklarda qoramol bosh soni 118 ming boshga yetib, shundan sogʻin sigir soni 38 ming boshdan ortiq, qoʻy va echki soni 121 ming boshga, parranda soni esa 317 ming 800 boshga oʻsishga erishilgan. Xuddi shunday, hududda qoramol goʻshti ishlab chiqarish hajmi qariyb 4 ming tonnani yoki bulturgiga nisbatan 105 foizni, sut ishlab chiqarish hajmi esa 20 ming tonnadan ziyodni yoki 107 foizni tashkil etayotgani xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakat natijasi, albatta.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati