Vobkent: Beshrabodda bedana boqib, boy boʻlayotgan mirishkorlar bor
2025-01-17 14:20:00 / Yangiliklar

—Hozirda har bir tup limon butasida yetilib pishgan limon hosilini saranjomlayapmiz. Bundan qoʻlga kiritgan daromadimiz chakki boʻlmadi. Shu bilan birga, uyimizda alohida joy hozirlab, parranda parvarishini, yaʼni bedana boqishni yoʻlga qoʻyib kam boʻlmayapmiz,—deydi mirishkor oila sohibi Ulugʻbek Halimov.—Bu ham mehnatidan qochmasa, ancha daromadli tarmoq. Toʻgʻri, bedananing vazni yengil, tuxumi ham mayda. Ammo parhezbop bedana goʻshti va tuxumi shifobaxshligi sababli unga doim talab yuqori boʻlgan.
Hozirda uyimizda 1500 boshga yaqin bedana parvarishlayotgan boʻlsak, kuniga oʻrtacha 1000-1200 dona tuxum olayapmiz. Bir dona tuxumni oʻrtacha 400-500 soʻmdan sotyapmiz ham. Buni xomchoʻt qilganda, har oyiga oʻrtacha 6 million soʻm sof foyda olyapmiz. Bundan tashqari, havaskor xoʻjaliklarga bedanani koʻpaytirib sotishni ham yoʻlga qoʻyganimiz tufayli qoʻshimcha daromadga erishmoqdamiz.
Ulugʻbek Halimovning bildirishicha, koʻp yillik tomorqa mehnati, qolaversa, parrandachilikdan orttirilayotgan daromad hisobidan oila orzu-havasini koʻrmoqda. Bunda voyaga yetgan ikki qiz va bir oʻgʻilning kasb-korli, hunarli boʻlib, hayotda oʻz oʻrnini topishida oiladagi mehnat muhiti katta ahamiyatga ega, albatta. Mehnatsevarliklari uchun ham ular bugun ota-onalari qanotiga kirishgan, ularga yaqin koʻmakchi.
Mirishkor bedanachi xonadon tajribasidan ayon boʻlishicha, bir bosh bedana bir yilda oʻrtacha 250-300 dona tuxum qoʻyarkan. Tuxumi darmondoriga boy, foydali xususiyatlariga ega boʻlib, kaliy, temir, fosfor va yana V-1, V-2 vitaminlari tovuq tuxumiga nisbatan 2,5 barobarga koʻproq ekan. Unda aminokislotalar va oqsil moddasi ham boshqa parrandalar tuxumiga nisbatan yuqori boʻlarkan.
Ha, xalqimizning “Harakatda barakat” degan purmaʼno gapi aynan Ulugʻbek Halimov singari mirishkorlar oilalalariga nisbatan topib aytilgan. U singari ishbilarmon vakillari ish uslubi, mehnatkashligi tomorqasini qishin-yozin qarovsiz, tashlandiq holga tashlab, bir tup daraxt niholi ekish nimaligini bilmaydigan boqimonda kayfiyatida yurgan baʼzi-birovlarga ibrat-namuna boʻlsa, koshki edi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






