Kogon shahri: “Zirabod” MFYda zamonaviy bogʻcha ochildi
2024-12-17 17:25:00 / Yangiliklar

Yangi yil bayrami arafasida shaharning maʼmuriy 4-sektoriga qarashli "Zirabod" MFY da yangidan qad rostlagan 16-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti foydalanishga topshirildi.
Hademay, oʻz bagʻriga 150 nafar bolajonni olayotgan taʼlim maskani ochilish marosimida shahar hokimi Mirshakar Toʻraboyev boshchiligidagi masʼullar, tegishli tashkilot, korxona mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, ota-onalar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida nuroniylar bu xayrli ishga bosh qoʻshgan mutasaddilar, binokorlarga minnatdorliklarini bildirib, sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, ertamiz egalarini yurtimizning munosib farzandlari boʻlib voyaga yetishishlariga katta ishonch bildirdilar. Tadbirda bolalar bogʻchasi qurilishida jonbozlik koʻrsatgan quruvchilarga ehtirom ramzi sifatida oʻzbekona toʻn kiydirilib, esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng, 16-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining ochilish marosimida ramziy lenta qirqilib, yigʻilganlar bolajonlar uchun sevimli maskanga aylanayotgan inshootda yaratilgan qulayliklar, oʻyin maydonchalari, mashgʻulot va dars xonalari, yotoqxona, oshxona va boshqa tarmoqlar bilan yaqindan tanishdilar.
Mahalliy pudratchi subyekt “201-sonli xoʻjaliklararo koʻchma mexanizatsiyalashgan kolonna” MCHJ rahbari Rahmatillo Tohirov jamoasi tomonidan qurib bitkazilgan tashkilotning loyiha qiymati 4 milliard 850 million soʻmni tashkil etadi. Foydalanishga topshirilayotgan maktabgacha taʼlim tashkilotida barcha qulayliklar yaratilgan, guruh xonalari talab darajasida jihozlangan, bolajonlar uchun alohida ovqatlanish xonalari, zamon talablarga mos ravishda jihozlangan musiqa xonasi, yozgi sogʻlomlashtirish maydonchasi va sanitariya tarmogʻi shay qilingan.
Maʼlumot oʻrnida, bugunga kelib temiryoʻlchilar shahri va tumanida 3-7 yoshli bolalar soni 4247 nafarga yetgan boʻlib, ayni kunda ularning 99 foizdan ortigʻi davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, 548 nafari yoki 12 foizi davlat xususiy sherikligidagi nodavlat bolalar bogʻchalariga, 603 nafar jajji oʻgʻil-qiz yoki 14 foizi oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









