Buxoroda ham haydovchilar uchun imtihon markazi ochildi
2024-12-17 16:45:00 / Yangiliklar

Shunga koʻra “Autodriver Study” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Buxoro tumanidagi “Istiqbol” mahalla fuqarolar yigʻinida haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihon topshirish boʻyicha “Buxoro viloyati imtihon markazi” barpo etildi.
Markaz bir kunda 450 nafardan talabgorni nazariy imtihondan, 300 nafardan ortiq talabgorni amaliy imtihondan oʻtkazish quvvatiga ega. Bu yerda nazariy imtihonlarni oʻtkazish uchun texnik va texnologik vositalar bilan maxsus jihozlangan zal (xonalar), avtomototransport vositalarining barcha toifalari boʻyicha amaliy imtihonlarni oʻtkazish uchun avtomatlashtirilgan avtodrom tashkil etilgan.
Endilikda innovatsion texnologiyalar bilan jihozlangan va barcha qulayliklarga ega boʻlgan bu joyda haydovchilik guvohnomasini olish boʻyicha imtihonlar oʻtkaziladi.
Markazda maxsus jihozlangan avtomototransport vositalari hamda yoʻl harakatini tashkil etishning texnik vositalarini oʻzaro bogʻlovchi markaziy dasturiy majmua faoliyat yuritadi va haydovchilikka nomzodlar tomonidan amalga oshirilgan har bir sinov mashqlari natijalarini inson omilisiz avtomatlashtirilgan nazorat tizimi orqali baholanadi. Ayniqsa, markazning dispetcherlik (nazorat) punkti haydovchilikka nomzodlarning harakatlarini koʻrsatib turadigan kompyuter va monitorlar, avtomatlashtirilgan avtodrom tizimining elementi sifatida ishlaydigan axborotni doimiy qabul qilish, uzatish va qayta ishlash uskunalari, ovozli aloqa vositalari bilan jihozlanganligi muhimdir.
Mazkur imtihon markazida yetarli huquqiy bilimi shakllangan va oʻzaro madaniyat, malakaga ega haydovchilar sinovdan oʻtkazilib viloyatda yoʻl transport hodisasi keskin kamayishiga erishiladi. Markazning ochilish marosimida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Viloyat rahbari imtihon markazining ochilishidan maqsad haydovchilik guvohnomasini olishda tanish-bilishchilik va korrupsiyaga barham berish ekanligini alohida taʼkidladi.
Ravmziy lenta qirqilib, yigʻilganlar markazda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi.
Ushbu innovatsion majmuada imtihonning nazariy qismida birvarakayiga 25 kishidan test olish mumkin. Avtopoligonda esa 10 ta kursant bir vaqtning oʻzida amaliy imtihon topshirsa boʻladi.
Butun jarayon toʻliq avtomatlashtirilgan. Nomzod Markazga kelganida oʻziga tegishli individual QR-kodini oladi, bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qoʻyilgan boʻladi.
Maslan, nazariy imtihondan oʻtish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga toʻgʻri javob berish talab etiladi, bunga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Agar ushbu sinov bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtsa, nomzod haydovchilik boʻyicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega boʻladi.
Kutish zalida unga zarur koʻrsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashgʻulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi toʻliq aks ettirilgan video maʼlumotnoma namoyish etiladi.
Mashinani kursantning bir oʻzi boshqaradi. Mashina boshqaruvi asnosida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar uchun beriladigan jarima ballari 99 ball chegarasidan oshib ketmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi.
Nomzod amaliy imtihondan oʻta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin. Agar bu muddat ichida topshira olmasa nazariy imtihonni ham boshqatdan topshiradi.
Nazariy va amaliy imtihonlar boʻyicha qoʻshimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun Markazda ekspress-kurslar mavjud.
Imtihonlarning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli topshirilganidan soʻng, sertifikat beriladi, nomzodlar bu sertifikat bilan YHXBga murojaat qilishlari lozim. Sertifikat maʼlumotlar bazasida tekshirilganidan soʻng, ularga belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.
Ushbu markazlarning faoliyati haydovchilik guvohnomasini olish sohasidagi korrupsiyaga toʻliq barham berish imkoni borligini amalda namoyon etdi. Bu, oʻz navbatida, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashning muhim shartidir, chunki imtihon muvaffaqiyatli topshirgani toʻgʻrisidagi guvohnomani faqat yoʻl harakati qoidalarini, haydovchilik koʻnikmalarini bilgan va buni amalda qoʻllay oladiganlargina olishlari mumkin.
Viloyat hokimligi matbuot xizmat









