Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar berish haqida
2024-10-29 16:25:00 / Yangiliklar

Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.
«Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnoma talablariga asosan meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rlarning yozma arizalariga ko‘ra merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomalar beradi.
Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli. Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.
Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin. Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.
Agar merosxo‘r vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka chaqirilsa, u ana shu asoslarning biri yoki har ikkalasi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan voz kechishga haqli. Merosxo‘r ulushning ortishi huquqi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan, merosning qolgan qismiga vorislikdan qat’i nazar, voz kechishga haqli. Merosxo‘r merosdan voz kechganida vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasidan bo‘lmish boshqa shaxslar foydasiga voz kechayotganini ko‘rsatishga haqli. Yuqorida nazarda tutilgan hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qo‘yib voz kechilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi. Meros qoldiruvchining vafot etgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.
Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi. Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.
Notarius qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma berish paytida meros qoldiruvchining vafot etganligini, meros ochilgan joyi va vaqtini, meros mol-mulki tarkibi va uning joylashgan joyini, meros qoldiruvchi bilan merosxo‘rlarning qarindoshlik munosabatini hamda qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasini aniqlaydi.
Meros qoldiruvchining vafot etganligi va meros ochilgan vaqt meros qoldiruvchining o‘limi haqidagi guvohnoma yoki o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar bilan tasdiqlanadi.
Merosning ochilish joyi deb meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi hisoblanadi. Merosning ochilish joyi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining ma’lumotnomalari asosida tasdiqlanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.
Merosxo‘rlarda ushbu hujjatlar mavjud bo‘lmaganda, notarius merosning ochilish joyini aniqlash to‘g‘risida sud hujjati nusxasini talab qiladi.
Meros tarkibi meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlarini tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlanadi.
Meros qoldiruvchi bilan merosxo‘rlarning qarindoshlik munosabatlari tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, tug‘ilganligi va nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan ko‘chirmalar, qarindoshlik yoki boshqa munosabatlarning haqiqiyligini belgilovchi sud hujjati va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlanadi.
Meros tarkibi bir nechta mol-mulklardan iborat bo‘lgan hollarda, merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish vaqtida Fuqarolik kodeksining 1150-moddasiga asosan merosxo‘rlarning talabiga va ularning kelishuviga ko‘ra o‘zlariga tegishli ulushlariga muvofiq notarius ular o‘rtasida meros mulkini taqsimlash shartnomasini rasmiylashtirishi mumkin.
Kelishuvga erishilmagan taqdirda esa meros mulkini bo‘lish sud tartibida amalga oshiriladi.
Shahlola Malikova,
Buxoro shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius
