27-iyun — Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
2024-06-27 11:20:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bu ayyom nafaqat o‘z hayotini shu sohaga bag‘ishlagan fidoyi insonlar, balki ularning mashaqqatli ijod va mehnat mahsulidan bahramand bo‘ladigan millionlab mushtariylar, tinglovchi va tomoshabinlar, butun jamiyatimiz uchun ham qadrlidir.
Darhaqiqat bugun jamiyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida matbuot va ommaviy axborot vositalarining o‘rni nihoyatda katta ekanligini barchamiz teran his qilamiz.
Milliy matbuotimiz asoschilari hisoblangan jadid bobolarimizning: “Matbuot fikrlar tilmochi, millat va el-yurt rivoji yo‘lida xizmatchi, odamlar ongu shuurining quyoshi, har kimning vijdoniga tutilgan ko‘zgu bo‘lmog‘i lozim” degan fikrlari go‘yoki hozirgi kunimizda turib aytilgandek.
Zero, hurmatli Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda “to‘rtinchi hokimiyat” darajasiga ko‘tarilishi zarur. Bu — zamon talabi, islohotlarimiz talabi”dir.
Ushbu nihoyatda shiddatli ijod jarayonida xalqimizning manfaati, kelajagini ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritishda buxorolik jurnalistlar faolliklarini alohida e’tirof etish joiz.
Hozirgi kunda viloyatimizda 2 ta televideniye, 2 ta radio, 30 ga yaqin gazeta va jurnal, 97 ta matbaa korxonasi hamda 17 ta nashriyot ijodkor va texnik ishchi-xodimlari Vatanimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, mislsiz yuksalishlar jarayonini keng yoritish va targ‘ib etishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Viloyatimizdagi mavjud keng va qulay imkoniyatlarni, davlat va jamoatchilik tashabbuslarini yanada kengroq miqyos va auditoriyada faol targ‘ib etilishida respublika telekanallari va gazetalari, internet nashrlarining viloyatimizdagi o‘z muxbirlari, ijodiy va texnik xodimlari benazir hissa qo‘shib kelishmoqda.
Ularning orasida internet jurnalistikasi milliy axborot maydonida tobora mustahkam o‘rin egallab, zamon talablari asosida yangilanib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tishimiz lozim.
Bularning barchasi, hech shubhasiz, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, fikrlar xilma-xilligiga erishish, matbuot minbari orqali barcha ijtimoiy qatlamlarning fikr va qarashlarini ifoda etish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun mustahkam zamin bo‘lmoqda.
Shu bilan birga davlat idoralari va mahalliy hokimliklar tarkibida axborot xizmatlari yo‘lga qo‘yilgani xalq bilan muloqotni kuchaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qadrli jurnalistlar!
Shu o‘rinda matbuotning xalq bilan muloqotdagi samarasi, uning aholi bilan nechog‘lik yaqinligini o‘zimning qaysidir ma’nodagi Sizlarga hamkasbligim, ya’ni ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy kanalim faoliyati orqali ham bevosita amin bo‘ldim.
Aytish joizki, kanal yurita boshlaganimga bir oycha vaqt bo‘lganiga qaramay, 5 ming nafardan oshiq fuqarolar dardu tashvishlari, taklif va rejalari bilan tanishdim. Ular qo‘ygan masalalar yechimi yo‘lida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Bir so‘z bilan aytgan telegramm kanali aholi bilan muloqot sifatini yangi bosqichga ko‘tardi.
Aziz do‘stlar!
Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugun biz yashayotgan shiddatli XXI asr, hayotimizga keskin sur’atlar bilan kirib kelayotgan globallashuv jarayonlari ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarimiz oldiga yanada muhim va dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda.
Bu o‘rinda gap jurnalistning nafaqat iste’dodi va mahorati haqida, ayni paytda o‘z fuqarolik mas’uliyati, hamisha davr bilan hamnafas bo‘lib, jamiyatdagi o‘tkir muammolarni dadil ko‘tarib chiqishi, qisqa qilib aytganda, xalq manfaati, el-yurt dardi va istiqboli uchun, inson huquq va erkinliklari, adolat va haqiqat qaror topishi uchun kuyib-yonib yashashi haqida bormoqda.
Shu ma’noda, o‘zini yurtparvar deb his qiladigan har bir jurnalistning Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyotini mustahkamlash, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, bugungi notinch zamonda, ayniqsa yon-atrofimizdagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda do‘stni dushmandan, oqni qoradan ajratishga, aholimizni doimo sezgir va ogoh bo‘lib yashashga da’vat etishda o‘z hissasini qo‘shishi alohida ahamiyatga ega.
Bu esa matbuot ahlining tez o‘zgarib borayotgan hayot bilan hamqadam bo‘lib yashashini, taraqqiyot sirlarini egallash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan to‘la foydalanishga erishishni, o‘z ustida doimiy ishlashini taqozo etadi, albatta.
Aziz do‘stlar!
Har qanday kasb ezgulikka xizmat qilar ekan, shubhasiz, xalq nazarida ulug‘vor, jamiyat hayotida qadrlidir. Shu ma’noda, zimmangizdagi ulkan va zahmatli mehnatni ulug‘lab, shu kasbdan qadr va sharaf topib yurganingiz Sizga Yaratganning inoyatidir.
Siz azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor qutlar ekanman, kasbingizdan doimo baraka topib yuring, el nazaridan qolmang, deyman. Oilangizdan farovonlik, dasturxoningizdan to‘kin-sochinlik arimasin.
Barchangizga Vatanimiz ravnaqini, farzandlar kamolini ko‘rib yashash nasib etsin.
Mehnat va ijod zavqi sizlarni hech qachon tark etmasin.
E’tiboringiz uchun rahmat!
