Ijtimoiy tarmoqlarda “ACCAUD SOFT” MChJning QQS guvohnomasi toʻxtatilgani haqidagi material tarqaldi
2025-10-30 12:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Ijtimoiy tarmoqlarda “ACCAUD SOFT” MChJning QQS guvohnomasi toʻxtatilgani haqidagi material tarqaldi
Toshkent shahar soliq boshqarmasi Matbuot xizmati ushbu masalada quyidagilarni maʼlum qiladi:
1-holat: Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi tomonidan "Hamkorbank" AT Bankiga Islom Moliyasini rivojlantirish maqsadida kredit ajratish uchun resurs (pul mablagʻlari) ajratilgan. Ajablanarlisi shundaki, ushbu kredit mablagʻalarining barchasi avval (2023-2025-yillarda) Oʻzbekiston Musulmonlar idorasida ashyolar boʻyicha hisobchisi lavozimida ishlagan A.Mansurjon tomonidan tashkil qilingan hamda Islom Moliyasi kredit liniyasida yagona taʼminotchi boʻlgan “ACCAUD SOFT” MCHJ orqali amalga oshirilgan.
2-holat: Toshkent shahar, Shayxontohur tumanida ijara shartnomalari asosida Jamiyatga tegishli 18 kv.metr ofis hamda 12 kv.metr omborxona mavjud.
Ushbu kv. metrlarni hajmini koʻz oldingizga keltirsangiz 1 inson ishlashi va 8 quti olma mahsuloti bilan toʻlib qoladigan joy boʻladi. Biroq jamiyat tomonidan saqlash katta hajmdagi joy, koʻp sonli ishchilar va transport xizmati yuqori boʻlgan juda koʻp tovarlar xarid qilingan. Jamiyatning soliq maslahatchisi A.Umarov tomonidan ushbu tovar maxsulotlari bir kunning oʻzida xarid qilinib, aynan oʻsha kunning oʻzida realizatsiya qilinganligi asosiy omil sifatida keltirilgan. Vaholanki, ushbu tovar mahsulotlar ogʻir tashish hamda juda koʻp transport vositalarini talab qiladigan tovarlar qanday qilib bir kunning oʻzida ham sotib olinib, ham xaridorga sotilishi taʼminlanishi mumkin.
3-holat. Jamiyat tomonidan ushbu olma mahsulotlari Fargʻona viloyati Margʻilon shahridan xarid qilingan boʻlib, ijara shartnomalarini hisobga qoʻyish tizimida ofisdan tashqari omborxonalar uchun ijara shartnomalari rasmiylashtirilmagan, asosiy vositalari yoʻq boʻlgan, yer maydonlari mavjud boʻlmagan “IMPACT BRANDS” MChJ dan 3 220 430 kg olma mahsulotlari xarid qilingan boʻlsa-da, Toshkent shahridan roʻyxatdan oʻtgan “ACCAUD SOFT” MChJ ga 6 629 388 kg realizatsiya qilingan. Eng qizigʻi shundaki ikkala jamiyatda ham 165 vagon olma mahsulotlarini Fargʻonadan Toshkentga qadar tashish uchun umuman tashish xarajatlarini amalga oshirmagan. (pul mablagʻlari chiqim qilinmagan va hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilmagan)
4-holat. Soliq boshqarmasi tomonidan taʼsir choralari qoʻllanilgandan soʻng jamiyat tomonidan xarid qilingan va bank orqali toʻlovi amalga oshirilgan 3 576 dona "MAZZINI" rusumli avtoshina uchun qabul qilingan hisobvaraq-fakturalari bekor qilingan.
Jamiyat faoliyatida Toshkent shahar soliq boshqarmasining 2025-yil 15-oktabrdagi 30/1-11446-kt-sonli buyrugʻiga asosan kameral soliq tekshiruvi oʻtkazilishi davom etmoqda.
Hurmatli jurnalist va blogerlar!
Soliq sohasiga oid tanqidiy materiallar tayyorlashda xolislikni saqlab, har ikki tomonning fikrini eshitib, vaziyatni toʻliq va haqqoniy ravishda yoritishda masʼuliyat bilan yondashishingizni soʻraymiz.
