Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashdi
2025-03-19 10:40:00 / Qo'mita yangiliklari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvi boshlandi.
“Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash – bu bizning strategik yo‘limiz! Tadbirkorlik qancha tez rivojlansa, mamlakatimiz shuncha qudratli bo‘ladi, xalqimiz shuncha farovon yashaydi.
Dekabr oyidagi “ochiq muloqot”da asosan yirik tadbirkorlar bilan gaplashib, keyingi rejalarni belgilab oldik.
Bugun kichik va o‘rta biznesda tez o‘sayotgan tadbirkorlarga ko‘mak berib, ularni ham “chempion”ga aylantirish uchun nima qilish kerak, degan savolga sizlar bilan birgalikda javob topishimiz zarur”, - dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.
Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ayniqsa, ular faoliyat boshlagan birinchi yilda qo‘llab-quvvatlash juda muhimligi ta’kidlandi.
“Bundan buyon, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun “birinchi imkoniyat” tamoyili joriy etiladi. Ya’ni, ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun “javobgarlikdan sug‘urtalangan” bo‘ladi”, – dedi Prezident.
Hozirda barcha toifadagi tadbirkorlarga faoliyatini tugatish uchun bir xil talab belgilangan. Ya’ni, kattami-kichikmi, barchasi moliyaviy auditdan o‘tishga majbur. Oqibatda, ixtiyoriy tugatishga ariza bergan minglab kichik korxonalar qachon tekshiruvchi kelib, auditdan o‘tkazishini kutib turibdi.
Shu bois bu jarayon ham soddalashishi e’lon qilindi. Oxirgi uch yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan oshmagan, soliqdan qarzi bo‘lmagan korxonani ixtiyoriy tugatishda tekshiruv o‘tkazilmaydi.
2028-yil 1-yanvarga qadar QQS va foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yilgan.
“Endilikda kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan normativ hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilinadi.
Fermerlar uchun ham muhim yangilik – soliqdan qarzini vaqtida to‘lay olmagani uchun shu paytgacha yig‘ilib qolgan 1 trillion so‘mlik penyani undirishdan voz kechiladi”, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari kichik va o‘rta biznes vakillari bilan muloqot qildi, ularning fikr va takliflarini tinglab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
“Yangi O‘zbekistonning biznes salohiyatini oshirishda biz sizlarga ishonamiz.
Bir narsadan ko‘ngillaring to‘q bo‘lsin: Prezident doimo sizlarga eng yaqin ko‘makchi, tayanch va suyanch bo‘ladi. Sizlar yangilik qilishdan charchamanglar, men qo‘llab-quvvatlashdan charchamayman.
Shu maqsadda bugun muhokama qilingan, sizlarning hamma taklif va tashabbuslaringiz o‘rin olgan farmonni imzolayman. Ushbu farmonning barcha yengilliklari bugundan qo‘shimcha hujjatlarni kutmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga kiritiladi”, - dedi Prezident uchrashuv yakunida.
