
Yirik soliq to'lovchilar

Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi faoliyati haqida
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi Soliq qo‘mitasining mustaqil tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi va bevosita Qo‘mita raisiga bo‘ysunadi. Hududlararo inspeksiyaga joylashgan joyi va amalga oshirayotgan faoliyatidan qat’i nazar, yirik soliq to‘lovchilarning soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirish vazifasi yuklanadi.
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 320-sonli qaroriga asosan o‘z faoliyatini tashkil etadi hamda soliq ma’murchiligini amalga oshiradi.
Hududlararo inspeksiya yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhr va blankaga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi G‘aznachiligida g‘aznachilik hisobraqamlariga, bank hisobraqamlariga, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisobraqamlariga ega.
Hududlararo inspeksiya tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq maʼmuriyatchiligi Hududlararo inspeksiya tomonidan amalga oshiriladigan soliq to‘lovchilar uchun bajarish majburiy hisoblanadi.
Hududlararo inspeksiyasining asosiy vazifalari:
- yirik soliq to‘lovchilar hisobini tashkil etish va ulardan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan soliqlar va yig‘imlarning to‘liq tushishini ta’minlash;
- yirik soliq to‘lovchilar faoliyatida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi bo‘yicha soliq nazoratini tashkil etish;
- yirik soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik asosida servis-texnik xizmat ko‘rsatilishini amalga oshirish;
- yirik soliq to‘lovchilar ma’muriyatchiligi doirasida soliqqa oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, aniqlash va oldini olish bo‘yicha kompleks tadbirlarni amalga oshirish.
Hududlararo inspeksiya quyidagilar uchun javobgardir:
- Hududlararo inspeksiyaga yuklangan funksiya va vazifalarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash;
- yirik soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlar va yig‘imlarning Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga tushishini ta’minlash, shuningdek, ularning soliq solinadigan bazasini kengaytirishga yo‘naltirilgan takliflar ishlab chiqish;
- Qo‘mitaga kiritiladigan hujjat loyihalari hamda takliflar, shuningdek, ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning sifati, natijalari va oqibati;
- soliq xizmati organlarini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar, chora-tadbirlar rejalari, “yo‘l xaritalari” va boshqa dasturiy hujjatlarning samarali amalga oshirilishi, muammoli masalalar hal etilishi;
- yirik soliq to‘lovchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ularga rioya qilishlarini ta’minlash.
Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati:
O‘zbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi tomonidan 2019-yil 12-iyulda ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risida”gi 3172-sonli Nizomga muvofiq yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish mezonlari belgilangan. Shuningdek, 2024-yil 1-iyulidan Adliya vazirligi tomonidan 3172-3-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi qaroriga muvofiq yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish mezonlari yangi tahrirda qayd etilgan.
Yuqoridagi Nizomning 4-bandiga asosan quyidagilar yirik soliq toʼlovchilar toifasiga kiritiladi:
a) aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz to‘lanadigan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar, bundan alkogol va pivo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mustasno;
b) tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari, tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjalari;
v) “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ hamda ularning ta’sischiligidagi tashkilotlar;
g) mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;
d) mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 735 ming baravaridan yuqori bo‘lgan yoki ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr yakuni bo‘yicha ushbu miqdordan oshgan hamda xodimlar soni o‘rtacha yillik 10 nafardan kam bo‘lmagan yuridik shaxslar, chet el yuridik shaxslarining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari (bo‘linmalari), bundan paxta-to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar mustasno;
y) uglevodorod xom ashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar va ularga tovar (ish va xizmat) yetkazib beruvchi chet el yuridik shaxslarining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasalari (bo‘linmalari), bundan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalari mustasno;
j) O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘idan yo‘lovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar.
z) realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan elektron shakldagi xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasini belgilashda, Nizomning 4-bandi “d” kichik bandida ko‘rsatib o‘tilgan yuridik shaxslar o‘tgan kalendar yil yakuni yoki ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr bo‘yicha soliq organlariga taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlaridagi ko‘rsatkichlariga asosan aniqlanadi.
Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar kalendar yil yakuni bilan Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan mezonlarga javob bermasa, ushbu xo‘jalik yurituvchi subyektlar navbatdagi uch yil mobaynida yirik soliq to‘lovchilar toifasida qoladi, bundan mazkur mezonlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan holatlar mustasno.
Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan yoki ro‘yxatidan chiqarilgan yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli buyruq qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.