Soliq bilimlari – yosh avlodga
2025-12-18 16:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Xabar berilganidek, yoshlarning iqtisodiy savodxonligini oshirish va soliq madaniyatini yuksaltirish maqsadida Soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Soliq bilimlari – yosh avlodga” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.
Mazkur tanlov sinov tariqasida Uchtepa tumanida tashkil etildi va oʻz samarasini berib, oʻquvchilarning faol ishtiroki hamda ijodiy yondashuvi bilan alohida eʼtirof etildi.
Bugun Soliq qoʻmitasida tanlovning gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Barcha nominatsiyalar boʻyicha 1-, 2- va 3-oʻrin egalari Soliq qoʻmitasi Raisining tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Xususan, tanlovning 1-oʻrin gʻoliblari:
🎨 Rasm chizish yoʻnalishida –193-maktab oʻquvchisi Suhrobova Madina Samariddin qizi;
✍️ Insho yozish yoʻnalishida – 229-maktab oʻquvchisi Bahodirova Eʼzoza Saidkamol qizi;
🎥 Eng yaxshi videokontent yoʻnalishida – 251-maktab oʻquvchisi Umarjonov Abror Anvarovich.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Soliq qoʻmitasining zamonaviy media-studiyasi faoliyati bilan tanishib, soliq organlarining kundalik ish jarayoni hamda zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil maʼlumot oldilar.
Mazkur tanlov yosh avlodda soliq tizimiga boʻlgan qiziqishni oshirish, soliqlarni majburiyat emas, balki mamlakat taraqqiyotining mustahkam poydevori va davlat moliyasini shakllantiruvchi muhim omil sifatida anglashiga xizmat qilmoqda.
Tanlovning ijobiy natijalaridan kelib chiqqan holda, 2026-yildan boshlab fevral – mart oylarida tuman (shahar), viloyat va respublika bosqichlarida oʻtkazish rejalashtirilgan.






