Soliq bilimlari – yosh avlodga
2025-12-11 18:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq qoʻmitasi tashabbusi bilan yoshlarning iqtisodiy savodxonligini oshirish, soliq madaniyatini yuksaltirish maqsadida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida "Soliq bilimlari – yosh avlodga" koʻrik-tanlovini oʻtkazish belgilangan.
Bugungi kunda ushbu tanlovni oʻtkazishga oid barcha huquqiy-me’yoriy asoslar toʻliq tayyorlandi.
Tanlovning sinov-namuna tariqasida ilk bosqichi Uchtepa tumanidagi 228-umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi. Hududdagi 32 ta umumtaʼlim maktablaridan 3 nafardan oʻquvchi-yoshlar bellashuvda ishtirok etib, 5–7-sinf oʻquvchilari rasm chizish, 8–9-sinf oʻquvchilari insho yozish va 10–11-sinf oʻquvchilari videokontent tayyorlash yoʻnalishlarida oʻz ijodiy ishlarini namoyish etdilar.
Tez kunda bellashuv natijalari eʼlon qilinadi.
Shuningdek, 2026-yil fevral oyida koʻrik-tanlovning tuman hamda viloyat bosqichlariga start berilib, unda bir vaqtning oʻzida respublikamizning barcha umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari ishtirok etadi. Hududlardan saralangan eng yaxshi ijodiy ishlar mamlakat bosqichida malakali ekspertlar tomonidan baholanadi.
Tanlov gʻoliblari Soliq qoʻmitasi Raisining diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi.





