Asosiy kontentga o'tish

Elektron raqamli imzo


 

elektron raqamli imzo – elektron hujjatdagi mazkur elektron hujjat axborotini elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan foydalangan holda maxsus o‘zgarishlar natijasida hosil qilingan hamda elektron raqamli imzoning ochiq kaliti yordamida elektron hujjatdagi axborotda xatolik mavjud emasligini aniqlash va elektron raqamli imzo kalitining egasini identifikatsiya qilish imkonini beradigan imzo;

elektron raqamli imzoning yopiq kaliti - elektron raqamli imzo kalit vositalaridan foydalangan holda hosil qilingan, faqat imzo qo‘yuvchi shaxsning o‘ziga ma’lum bo‘lgan va elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratish uchun mo‘ljallangan belgilar ketma-ketligi;

elektron raqamli imzoning ochiq kaliti - elektron raqamli imzo kalit vositalaridan foydalangan holda hosil qilingan, elektron raqamli imzo yopiq kalitiga mos keluvchi, axborot tizimining har qanday foydalanuvchisi foydalana oladigan va elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo kalit haqiqiyligini tasdiqlash uchun mo‘ljallangan belgilar ketma-ketligi;

elektron raqamli imzo kalitining sertifikati - elektron raqamli imzoning ochiq kaliti elektron raqamli imzoning yopiq kalitiga mosligini tasdiqlaydigan va elektron raqamli imzo yopiq kalitining egasiga vakolatli organ tomonidan berilgan elektron yoki qog‘oz shaklidagi hujjat;

elektron raqamli imzo yopiq kalitining paroli - elektron raqamli imzoning yopiq kalitidan ruxsatsiz tarzda foydalanishdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan shartli belgilar ketma-ketligi.

elektron raqamli imzoning yopiq kaliti egasi - elektron raqamli imzo kalitini yaratgan (elektron hujjatga imzo qo‘ygan) va vakolatli organ tomonidan uning nomiga elektron raqamli imzo kaliti sertifikati berilgan jismoniy shaxs.

elektron raqamli imzo kalit sertifikatini boshqarish - elektron raqamli imzo kalitining sertifikati amal qilishini to‘xtatib turish yoki qayta tiklash yoxud uni bekor qilish.

elektron raqamli imzo kalit sertifikatining amal qilish muddati - elektron raqamli imzo kaliti ro‘yxatga olingan vaqtdan boshlab 24 oydan oshmasligi kerak.
 

ERI kaliti foydalanish kengligi



O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-oktabrdagi O‘RQ-793-sonli “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida”gi qonuniga asosan Elektron raqamli imzoning va qo‘lda shaxsan qo‘yilgan imzoning bir xil ahamiyatga ega ekanligini e’tirof etiladi hamda elektron hujjatda aks ettirilgan axborotning o‘zgartirilmasligi va avtorlikni tasdiqlash uchun qo‘llaniladi.

Bir vaqtning o‘zida quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda, elektron hujjatdagi elektron raqamli imzo qog‘oz hujjatga qo‘lda shaxsan qo‘yilgan imzo bilan bir xil ahamiyatga ega bo‘ladi, agar:

  • elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlangan bo‘lsa;
  • elektron raqamli imzo kalitining sertifikati elektron raqamli imzoning haqiqiyligini tasdiqlash paytida yoxud imzolash paytini belgilovchi dalillar mavjud bo‘lganda elektron hujjatni imzolash paytida amalda bo‘lsa;
  • elektron raqamli imzodan elektron raqamli imzo kalitining sertifikatida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanilayotgan bo‘lsa.

Ushbu qonunga asosan yuridik shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat yuridik shaxsning muhri bilan tasdiqlangan qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi.
 

ERI kalitni qanday olish mumkin
 

Elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini berish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 348-sonli Qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi (Ro‘yxatga olish markazi) tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda – murojaat etuvchilar) Davlat xizmatlari markazlariga bevosita yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda – Yagona portal) yoki rasmiy axborot resursi (e-imzo.soliq.uz) orqali elektron tarzda murojaat qiladilar.

Bunda Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali ERI kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun faqat yuridik shaxslarning rahbarlari murojaat qilishlari mumkin. Yuridik shaxslarning boshqa vakillari ERI kalitlarini va ularning sertifikatini olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga bevosita murojaat qilishga haqli.
 

Elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini olish uchun belgilangan tartibda so‘rovnoma to‘ldiriladi.

Bevosita murojaat qilinganda Davlat xizmatlari markazi xodimi murojaat etuvchining nomidan so‘rovnomani to‘ldiradi.

Bunda Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, so‘rovnoma ariza beruvchining shaxsi biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli orqali tasdiqlanadi.

ERI yopiq kalitining paroli vakolatli organ tomonidan so‘rovnomada ko‘rsatilgan mobil telefon raqamiga sms-xabar shaklida yuboriladi.

Yagona portal yoki rasmiy axborot resursi orqali murojaat qilingan hollarda, murojaat qiluvchi mustaqil ravishda Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga muvofiq elektron shaklda davlat xizmatlaridan foydalanish to‘g‘risidagi so‘rovnomani to‘ldiradi hamda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) orqali o‘z shaxsi va ma’lumotlarini tasdiqlaydi.

Shuningdek, ERI yopiq kaliti egasining Davlat xizmatlari markaziga bevosita qilgan arizasi orqali so‘rovnomada ko‘rsatilgan mobil telefon raqami o‘zgartirilishi mumkin.

ERI yopiq kalitining parolini e-imzo.soliq.uz saytidan arizada ko‘rsatilgan telefon raqami orqali qayta olish mumkin.
 

Elektron raqamli imzo kalit uchun to‘lov shakllari.
 

ERI kalitlarining sertifikatlarini berish uchun yuridik shaxslardan va yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik subyektlaridan bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi, jismoniy shaxslardan esa 7 foizi miqdorida yig‘im undiriladi, qonun hujjatlarida ERI kalitlarining sertifikatlarini bepul olish nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

ERI kalitlarining sertifikatlarini olish uchun murajatchilar tomonidan barcha bank kassalari hamda “Soliq” mobil ilovasi (Play Market/App Store) bilan bir qatorda CLICK, PAYME, UPAY, PAYNET, MUNIS va boshqa to‘lov tizimlari orqali amalga oshirishi mumkin.

To‘lovlar ro‘yxatga olish markazining quyidagi bank rekvizitlari orqali amalga oshiriladi: h/r 20210000800431200009 “KAPITALBANK” ATB Mirzo Ulug‘bek filiali MFO 01018, STIR 201589463
 

Elektron raqamli imzo kaliti quyidagilarga bepul beriladi:
 

  • Davlat byudjet tashkilotlariga;
  • Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi 348-sonli “Davlat xizmatlari markazlari orqali elektron raqamli imzo kalitini ro‘yxatga olish va elektron raqamli imzo kalitining sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning o‘quvchilariga, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi sinf o‘quvchilariga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan fuqarolar;
  • 2019-yil 8-apreldagi 284-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, Vazirlar Mahkamasiga, vazirliklarga, idoralarga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, boshqa davlat organlari va tashkilotlarning rahbarlariga va mas’ul shaxslariga.
     

Elektron raqamli imzo kalitni olish

Davlat xizmatlari markazi xodimi ERI kalitini va ERI kalitining sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish vaqtida quyidagilarni amalga oshiradi:

  • ERI yopiq kaliti egasining shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport, harbiy bilet, haydovchilik guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat) asosida uning shaxsini aniqlaydi;
  • tarkibida ro‘yxatga olingan ERI kalitlari va elektron hujjat shaklidagi ERI kalitining sertifikati bo‘lgan faylni murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan o‘zga ma’lumotlar manbaiga yozib qo‘yadi va faylning yozilganligini tekshiradi;
  • ERI kalitining sertifikatini qog‘oz hujjat shaklida talab etilgan taqdirda ikki nusxada chop etiladi va har bir nusxasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan imzolanib bir nusxasi ERI yopiq kaliti egasiga beriladi.

Davlat xizmatlari markazi xodimi ERI kaliti sertifikatini ERI yopiq kaliti egasiga berish jarayonida murojaat etuvchi tomonidan taqdim etilgan o‘zga ma’lumotlar manbaidagi ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritishi, ulardan nusxa olishi va o‘chirishi, o‘zida saqlash hamda ERI yopiq kaliti egasidan ERI yopiq kaliti parolini so‘rab olishi taqiqlanadi.

18193

Oxirgi yangilanish: 2025-03-17 13:03:56

;
Elektron raqamli imzo