Samarqandda YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda
2025-10-29 18:25:00 / Qo'mita yangiliklari

Samarqandda YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasi boʻlib oʻtmoqda
Bugun butun jahon hamjamiyatining eʼtibori hamisha navqiron va koʻhna Samarqand shahriga qaratilgan. Bu tarixiy kent YUNESKO Bosh Assambleyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilmoqda.
Ushbu nufuzli xalqaro tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, YUNESKOga aʼzo davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Eʼtiborli jihati shundaki, taʼlim, fan, madaniyat, ekologiya va boshqa global muammolar muhokama qilinayotgan bu muhim siyosiy-gumanitar anjuman soʻnggi 40-yil ichida ilk bor YUNESKO shtab-kvartirasi joylashgan Parijdan tashqarida oʻtkazilayotgani ham tarixiy ahamiyatga ega.
Bugun har bir yurtdoshimiz mamlakatimizga bunday muhim xalqaro forumni oliy darajada oʻtkazish ishonchi bildirilganidan faxrlanmoqda.
Ushbu nufuzli anjumanda Respublikamizning boshqa davlat idoralari qatorida Soliq qoʻmitasi masʼul xodimlari ham faol ishtirok etmoqda.
Jami 194 mamlakat va 20 tadan ortiq xalqaro tashkilotdan qariyb 6 ming nafar delegat ishtirok etmoqda. Ular orasida Prezidentlar, Hukumat rahbarlari, 70 dan ortiq vazir hamda YUNESKO kotibiyatining 412 nafar xodimi mavjud.
Maʼlumki, Oʻzbekiston YUNESKOga 1993-yil 26-oktabr kuni, yaʼni aynan shu faslda aʼzo boʻlganini ham eslab oʻtish joiz.
Tadbirning yana bir tarixiy ahamiyati shundaki, mazkur anjuman YUNESKOning 80 yillik yubileyi arafasida oʻtkaziladi va Samarqandda ushbu tashkilotning yangi Bosh direktorini saylash masalasi koʻrib chiqiladi.
Assambleya doirasida mamlakatimiz tashabbusi bilan 18 ta yirik va muhim tadbirlarni oʻtkazish koʻzda tutilgan.
Bosh konferensiya strategik ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olishda muhim ahamiyat egallaydi. Sessiyalarni yetakchi xalqaro OAV, mutaxassislar va ekspertlar keng yoritmoqda. Har bir ishtirokchi xalqaro muloqotni mustahkamlash va umuminsoniy qadriyatlarni ilgari surish yoʻlida oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Konferensiya ishiga omad tilaymiz!



