Soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartiblariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi
2025-07-04 10:20:00 / Press-relizlar

Soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartiblariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi”gi VMQ-400-sonli Qarori qabul qilindi.
VMQ-400, 30.06.2025-yil.
Mazkur qarorga asosan, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-oktabrdagi
834-sonli Qaroriga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, import qilish va ularning realizatsiya qiluvchi tadbirkorlik subyektlarida Soliq qo‘mitasi tomonidan kameral soliq tekshiruvi o‘tkaziladi.
Kameral solik tekshiruvi natijalari bo‘yicha soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan axborotning ishonchliligini tasdiqlash lozim deb topilgan hollarda, belgilangan tartibda sayyor soliq tekshiruvi yoki soliq auditi o‘tkaziladi.
Kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi natijasiga ko‘ra tadbirkorlik subyektlari tomonidan asillik darajasini belgilash yoki tamg‘alashning belgilangan tartibini buzish, shuningdek, kirim qilinmagan zargarlik buyumlarini sotish holatlari aniqlangan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda soliqlar va yig‘imlarni hisoblash va belgilangan tartibda javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
Avvalgi tahrirda kameral nazorat hamda mavzuli ekspress-o‘rganish amalga oshirilishi belgilangan edi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-sonli Qaroriga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra:
1.Sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditi Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslarni tekshirish bundan mustasno. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-fevraldagi PQ-78-son qarori bilan tasdiqlangan Soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalar yoki mahallalardagi tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatida keltirilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvlari ushbu tekshiruvlar boshlangandan so‘ng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida amalga oshiriladi.
2. Kameral soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda soliq to‘lovchining nomi va uning identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish muddatlari, tekshirilayotgan davr bilan bir qatorda tekshirilayotgan soliqlar va yig‘imlarning turlari ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
3. Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun quyidagilar ham asos sifatida olinishi belgilandi:
soliq organlari xodimlari tomonidan o‘z xizmat vazifalarini amalga oshirish jarayonida quyidagi soliqqa oid huquqbuzarlik yoki holatlar rasmiy ogohlantirishdan so‘ng uch kun muddatda bartaraf etilmaganligi yoxud takroran aniqlanganda:
nazorat-kassa texnikasini va (yoki) hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish;
mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarni hamda mehnatga haq to‘lash fondini soliq hisobotida aks ettirmaslik;
yer maydonlaridan hujjatlarsiz yoxud yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanish;
foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish yoki qazib olingan foydali qazilmalar hajmini soliq hisobotida to‘liq aks ettirmaslik.
4. Jismoniy yoki yuridik shaxslarning soliq yoxud valyuta to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi holatlari to‘g‘risidagi murojaatlari, shu jumladan, tovarlar va xizmatlarning narxini asossiz oshirib yuborish holatlari to‘g‘risida, yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalari bilan tashish bo‘yicha noqonuniy tadbirkorlik faoliyati holatlarini birinchi marta sodir etgan soliq to‘lovchilar rasmiy ogohlantiriladi. Mazkur huquqbuzarlik yoki holatlar rasmiy ogohlantirishdan so‘ng uch kun muddatda bartaraf etilmagan va (yoki) qayta sodir etilganligi aniqlanganda ushbu soliq to‘lovchida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkaziladi.
Mazkur huquqbuzarlik yoki holatlar joyida aniqlanganligi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlar orqali qayd qilinishi mumkin.
5. Soliq organlari tomonidan yer qaʼridan foydalanuvchilar haqiqatda qazib olgan (ajratib olgan) foydali qazilmalar hajmini tekshirish va yer osti boyliklari va texnogen mineral hosilalardan o‘zboshimchalik bilan foydalanishning oldini olish uchun qonunchilik munosabatlari sohasidagi vakolatli davlat organlari mutaxassislari, shuningdek, marksheyderlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda ularning mutaxassislari jalb qilinishi mumkin.
Bunda marksheyderlik xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga o‘lchov ishlari yakuni bo‘yicha mehnatga haq to‘lash shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Sayyor soliq tekshiruvi doirasidagi harakatlar amalga oshirilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma va boshqa hujjatlar mobil telefon, planshet yoki kompyuter texnikasi yordamida elektron raqamli imzodan (barmoq izi yoki grafik imzo) yoxud Face-ID va qonunchilikka muvofiq boshqa elektron tasdiqlash usulidan foydalangan holda elektron shaklda tuzilishi mumkin.
Soliq solish metodologiyasi departamenti
