Soliq qoʻmitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi va Rossiya FSX YBB Akademiyasi o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolandi
2026-09-10 16:35:00 / Qo'mita yangiliklari

Xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda soliq sohasi uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish maqsadida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq oliy maktabi hamda Rossiya Federatsiyasi Federal soliq xizmati yetakchilik va biznes-jarayonlarini boshqarish Akademiyasi (FSX YBB) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Soliq oliy maktabi rektori Yigitali Narziyev va FSX YBB Akademiyasi rektori Ivan Yefremov mazkur bitim ikki mamlakat o‘rtasida soliq sohasida kadrlar tayyorlash, kasbiy rivojlanish, ta’lim texnologiyalarini joriy etish va ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini alohida ta'kidladi.
Tashrif doirasida tomonlar soliq ma’muriyatchiligi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish, raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, Akademiyaning ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishidagi faoliyati hamda ilg‘or o‘quv dasturlari bilan tanishildi.
Uchrashuvlar yakunida har ikki tomon o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, tajriba almashishning amaliy mexanizmlarini kengaytirish hamda soliq sohasi uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.


