INSONNI ANGLAGAN RAHBAR — XAVFNI OLDINDAN KOʻRA BILADI
2026-09-11 12:00:00 / Qo'mita yangiliklari

Zominda soliq tizimi rahbar va kadrlar mutaxassislari uchun “HR xavflarini boshqarish” mavzusida amaliy trening boshlandi.
Bugungi tez oʻzgarayotgan mehnat muhitida tashkilot samaradorligi nafaqat zamonaviy texnologiya yoki mukammal tizimlarga, balki inson resurslarini qanchalik toʻgʻri boshqara olishga ham bevosita bogʻliq.
Zero, har bir xodimning oʻz kuchli va zaif tomonlari, qobiliyati, salohiyati, motivatsiyasi va kasbiy oʻsishga boʻlgan ehtiyoji bor. Rahbarning vazifasi esa ana shu jihatlarni oldindan anglash, kuchli salohiyatga ega xodimni qoʻllab-quvvatlash va uning imkoniyatlarini toʻliq namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratishdan iborat.
Chunki oʻz vaqtida aniqlanmagan muammo – keyinchalik boshqaruv xavfiga, eʼtiborsiz qoldirilgan salohiyat esa – yoʻqotilgan imkoniyatga aylanishi mumkin.
Shu nuqtai nazardan, mazkur trening Soliq qoʻmitasi tizimida inson resurslarini samarali boshqarish, kadrlar bilan bogʻliq xavflarni oldindan aniqlash va ularning oldini olish, xodimlarning salohiyatidan oqilona foydalanish hamda zamonaviy HR yondashuvlarini amaliyotga keng tatbiq etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Treningda belgilangan roʻyxatga muvofiq hududiy soliq organlari hamda Soliq qoʻmitasi markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari mutaxassislari, barcha hududiy soliq boshqarmalari boshliqlari va kadrlar boʻlimi rahbarlari, shuningdek, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlar ishtirok etmoqda.
Tadbirni Soliq qoʻmitasi Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamenti direktori Toʻrabek Toʻrayev boshqarib borib, treningning maqsad va vazifalari, inson resurslarini strategik boshqarishning bugungi kundagi ahamiyati xususida soʻz yuritdi.
U taʼkidlaganidek, samarali HR siyosati – bu faqat kadrlarni ishga qabul qilish yoki ularning faoliyatini baholash emas. Bu, avvalo, insonni tushunish, uning salohiyatini toʻgʻri baholash, jamoadagi munosabatlarni boshqarish va ehtimoliy xavflarni muammoga aylanishidan oldin koʻra bilish demakdir.
Shuningdek, tadbirda Boshqaruv samaradorligi agentligi masʼul xodimi Xotambek Shokirov ishtirok etib, zamonaviy boshqaruv, rahbarlik salohiyati va inson resurslarini samarali boshqarish masalalari yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Amaliy mashgʻulotlar jarayonida xalqaro tajribaga ega trenerlar ishtirok etib, HR sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, risklarni baholash, jamoani samarali boshqarish, xodimlarning kuchli va rivojlantirilishi zarur boʻlgan jihatlarini aniqlash hamda inson omili bilan bogʻliq xavflarni tizimli ravishda boshqarish boʻyicha tajriba almashilmoqda.
Zero, kuchli xodimni faqat aniqlashning oʻzi yetarli emas. Uning salohiyatidan toʻgʻri foydalanish, kasbiy oʻsishi uchun imkoniyat yaratish, munosib ish muhitini taʼminlash va mehnatiga munosib baho berish ham samarali boshqaruvning muhim shartidir.
Aks holda, eʼtiborsiz qolgan salohiyatli mutaxassisning motivatsiyasi pasayishi, jamoadagi ichki muvozanat buzilishi yoki kadrlar qoʻnimsizligi kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Shu maʼnoda, HR xavflarini boshqarish – muammo paydo boʻlgach, uni bartaraf etish emas, balki muammoning paydo boʻlish ehtimolini oldindan koʻra bilish va unga oʻz vaqtida yechim topish sanʼatidir.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Zafar Azimov ham ishtirok etib, hududda samarali boshqaruv va inson kapitali bilan ishlash borasidagi yondashuvlar haqida fikr bildirdi.
Trening Zomin tumanidagi “Zafaron premium” mehmonxonasida tashkil etilgan.
Inson – har qanday tizimning eng qimmatli resursi. Rahbarning haqiqiy mahorati esa ana shu resursni nafaqat boshqarish, balki uni anglash, rivojlantirish va asrashdadir.
Chunki inson salohiyatini oʻz vaqtida anglagan rahbar – imkoniyatni boy bermaydi.








