Soliq qo‘mitasida Jahon banki missiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-08-27 18:00:00 / Qo'mita yangiliklari

#hamkorlik
2026-yil 24–28-avgust kunlari O‘zbekistonda Jahon bankining Global soliq dasturi (GTP) doirasidagi texnik ko‘mak missiyasining ishchi tashrifi bo‘lib o‘tmoqda.
Tashrif doirasida Jahon bankining boshqaruv masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi va loyiha rahbari Yan Lyoprik boshchiligidagi delegatsiya vakillari Soliq qo‘mitasi mutaxassislari bilan uchrashdi.
Tomonlar soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Xususan, Soliq ma’lumotlarini qayta ishlash va saqlash markazi infratuzilmasini rivojlantirish, idoralararo axborot almashinuvini kengaytirish, QQS va elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, risklarni baholashga asoslangan soliq auditi tizimini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Jahon banki soliq ma’muriyatchiligini isloh qilish yo‘lida Soliq qo‘mitasining uzoq yillik va muhim xalqaro hamkorlaridan biri hisoblanadi. Hamkorlik doirasida soliq ma’muriyatchiligini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyiha asosiy biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, ma’lumotlarni qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda soliq organlarining institutsional salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Jahon banki ko‘magida raqamli soliqqa tortish, elektron tijorat, soliq tafovutini tahlil qilish hamda soliq organlari faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar va ekspert tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Ayni paytda mazkur loyiha to‘liq amalga oshirilgan bo‘lib, tomonlar uni yakunlashni huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha zarur tartib-taomillarni amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, soliq ma’muriyatchiligini yanada rivojlantirish va ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan Global soliq dasturi doirasida hamkorlik davom ettirilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirish hamda O‘zbekistonda soliq ma’muriyatchiligining raqamli transformatsiyasini yanada jadallashtirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.


