Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi ishtirokchilari uchun alohida huquqiy va soliq rejimi belgilandi
2026-08-24 17:00:00 / Qo'mita yangiliklari
Maxsus huquqiy rejim
Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun doirasida Investorlar investitsiya faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, quyidagi toifalarga bo‘linadi:
– institutsional investor;
– startap-investor;
– rezident-investor;
– infratuzilmaviy investor.
Mazkur investorlarga Konstitutsiyaviy Qonunda va Markazning qarorlarida nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar va boshqa qo‘llab-quvvatlash choralari to‘liq hajmda qo‘llaniladi.
Qonunning 44-moddasida Soliq solishning alohida tartibi belgilangan bo‘lib, Markazning organlari, ishtirokchilari, shuningdek ularning xodimlari maxsus huquqiy rejim doirasida olgan daromadlari bo‘yicha ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning 46-moddasida belgilanganidan tashqari O‘zbekiston Respublikasining soliq qonunchiligida belgilangan barcha soliqlar va yig‘imlardan ozod etiladi.
Qonunning 46-moddasiga asosan Markaz hududida Markazning organlariga, ishtirokchilariga va ularning xodimlariga nisbatan quyidagi soliqlar belgilanadi:
– qo‘shilgan qiymat solig‘i;
– foyda solig‘i;
– jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i.
Konstitutsiyaviy Qonunning 46-moddasiga asosan Investor hisoblangan jismoniy shaxslar Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshirilgan investitsiya faoliyati natijasida olingan dividendlar va boshqa daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Investor hisoblangan yuridik shaxslar Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida amalga oshirilgan investitsiya faoliyati natijasida olingan dividendlar va boshqa daromadlar bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
QQS
Markazning organlari va ishtirokchilari QQS to‘lovchilari deb eʼtirof etiladi hamda ularga soliq organlarida QQSni to‘lovchi sifatida maxsus ro‘yxatga olish hisobiga qo‘yilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma beriladi.
Realizatsiya qilish joyi Markaz hududi va O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma hamda O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan tovarlar QQS bo‘yicha soliq solish obyektlari hisoblanadi.
Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun doirasida QQS bo‘yicha soliq solish obyektlariga nisbatan soliq stavkasi quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
– Markaz hududida va O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmaga nol darajali stavka;
– realizatsiya qilish joyi O‘zbekiston Respublikasi bo‘lgan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmaga va O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovarlarni olib kirishga nisbatan Markazning qaroriga muvofiq belgilangan stavka.
Foyda solig‘i
– Markaz ishtirokchilarining Markaz hududida ustuvor faoliyat yo‘nalishlari doirasida olingan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.
– Markaz ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlariga bunday ishtirokchilarga nisbatan Markazning soliq solishning alohida tartibi qo‘llanilishidan qatʼiy nazar, Markaz qaroriga muvofiq foyda solig‘i solinadi.
JShODS
Markaz organlarining yoki ishtirokchilarining yuqori malakali xodimlari deb hisoblangan chet el fuqarolari (O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari) Markaz tomonidan to‘lanadigan ish haqi va dividendlar tarzidagi daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Yuqori malakali xodimlari talablar va mezonlarga javob bermaydigan Markaz organlarining yoki ishtirokchilarining xodimlari hisoblangan chet el fuqarolarining (O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining) Markaz tomonidan to‘lanadigan ish haqi tarzidagi daromadlariga 12 foiz miqdoridagi soliq stavkasi bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadi.
Yuqori malakali xodimlarga nisbatan qo‘yiladigan talablar va mezonlar Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Markaz ishtirokchilarining xodimlari hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Markaz tomonidan to‘lanadigan ish haqiga 7,5 foizli soliq stavkasi bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini solishning o‘ziga xos xususiyatlari Markazning qarorlari bilan tartibga solinadi.
Soliq maʼmuriyatchiligi
Markaz hududida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yish, soliqlarni to‘lash, soliq nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni taqdim etish tartibi Boshqaruv kengashining qarorlari bilan belgilanadi.
Bunda mazkur qarorlar Markaz maʼmuriyatining va O‘zbekiston Respublikasi Solik qo‘mitasining qo‘shma takliflari asosida ishlab chiqiladi.
Markazning subyektlarini soliq organlarida hisobga qo‘yish va ularga xizmat ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasining Markaz hududida xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan soliq inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz subyektlari uchun soliq agenti vazifasini bajaruvchi va soliq organlarida ularning manfaatlarini ifoda etuvchi organ Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadi.
Markaz organlarining O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi bilan hamkorligi idoralararo elektron hamkorlik va axborot almashinuvi orqali amalga oshiriladi.
