Qadrli tadbirkor va ishbilarmonlar!
2026-08-20 11:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

#tadbirkorlar_kuni
Avvalo, sizlarni mamlakatimiz hayotida alohida oʻrin tutadigan Tadbirkorlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman!
Tadbirkorlik – bu faqat biznes yuritish emas, balki imkoniyatni koʻra bilish, tavakkal qilish, masʼuliyatni zimmaga olish, yangi gʻoyalarni hayotga tatbiq etish va minglab insonlarga ish oʻrni yaratishdek olijanob vazifadir.
Bugun Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuksalishi, yurtimizdagi bunyodkorlik va yangilanishlar, avvalo, siz kabi tashabbuskor, izlanuvchan va mehnatkash insonlarning saʼy-harakatlari bilan bogʻliq.
Sizlar har bir loyiha bilan iqtisodiyotimizga kuch bagʻishlab, yangi ish oʻrinlari orqali oilalar farovonligiga munosib hissa qoʻshmoqdasiz. Shu maʼnoda, tadbirkor – faqat oʻz biznesini emas, balki mamlakat taraqqiyotini ham olgʻa suradigan kuchdir.
Bugungi islohotlarimizning bosh maqsadi ham aniq: tadbirkorni qoʻllab-quvvatlash, uning yoʻlidagi toʻsiqlarni kamaytirish, ishonchli va barqaror muhit yaratishdir. Soliq tizimi ham "tekshiruvdan-servisga" tamoyili asosida nazorat qiluvchi emas, balki tadbirkorning ishonchli hamkori, maslahatchisi va koʻmakchisiga aylandi.
Chunki, tadbirkor qanchalik erkinlik va ishonch bilan ishlasa, iqtisodiyot shunchalik jadal rivojlanadi. Tadbirkor qanchalik kuchli boʻlsa, mamlakatimiz ham shuncha qudratli boʻladi.
Hurmatli biznes vakillari!
Sizning har bir tashabbusingiz – yangi imkoniyat, har bir muvaffaqiyatingiz – yurtimiz taraqqiyotiga qoʻshilgan munosib hissa, har bir yutugʻingiz – Yangi Oʻzbekistonning yutugʻidir.
Shu qutlugʻ sanada barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt-saodat, ishlaringizda ulkan zafarlar, biznesingizga baraka va yangi marralarni tilayman.
Tashabbuslaringiz ulkan natijalarga aylansin!
Tadbirkorlar kuni muborak boʻlsin!
Farrux Pulatov,
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisi
