Jizzaxda reyd: onlayn nazorat-kassaga kirim qilinmagan millionlar va integratsiya qilinmagan tizim aniqlandi
2026-08-10 11:00:00 / Qo'mita yangiliklari

#yashirin_iqtisodiyot
Jizzax viloyati soliq boshqarmasi tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xaridorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 7-avgust kuni viloyat soliq boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida Jizzax shahri, Toshkent ko‘chasi, 4A-uyda joylashgan “BLACK CASH” MCHJga (nomi o‘zgartirilgan) qarashli “AL-ARABIA” tungi klubida sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida quyidagi jiddiy qonunbuzilish holatlari fosh etildi:
🧾 Xarid cheki taqdim etmaslik: Muassasa xodimlari tomonidan mijozga 290 000 so‘m naqd pulda amalga oshirilgan xarid uchun fiskal chek berilmagan.
💰 Mablag‘ni kassaga kirim qilmaslik : Shoxobcha xazinasi mas’ullar ishtirokida sanoqdan o‘tkazilganda, jami 3 200 000 so‘m naqd pul o‘rnatilgan ONKMga (onlayn nazorat-kassa mashinasiga) kirim qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
💻 Tizimga integratsiya qilmaslik: Tungi klubda ichki hisob-kitob uchun avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari mavjud bo‘lsada, ushbu qurilmalar soliq organlari bazasiga integratsiya qilinmagani aniqlandi. (Ushbu holat bo‘yicha Soliq kodeksining 227¹-moddasiga asosan 2-chorakdagi sof tushumdan kelib chiqib javobgarlik chorasi qo‘llaniladi).
👥 Norasmiy ishchilar: Tungi klub xodimlari soni soliq hisobotlari bilan solishtirilganda, 10 nafar xodim hisobotlarda aks ettirilmagani, ya’ni norasmiy faoliyat yuritayotgani aniqlandi.
⚠️ Soliq xizmati organlari tadbirkorlardan qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilishlari, tushumlarni yashirmasdan hamda barcha xodimlarning bandligini qonuniy rasmiylashtirgan holda faoliyat yuritishlari zarurligini eslatib o‘tadi. Yashirin iqtisodiyotga qarshi nazorat tadbirlari davom ettiriladi!


