“Yosh soliqchi – 2026”: kelajak liderlari va innovatsiyalar uchrashgan maydon
2026-08-05 19:35:00 / Qo'mita yangiliklari
#yosh_soliqchi_2026
Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh soliqchi – 2026” forumining uchinchi kuni bilim, innovatsiya va ijodiy g‘oyalarga boy muhitda o‘tdi.
Kun “Notiqlik san’ati va liderlik xarizmasi” mavzusidagi amaliy mashg‘ulot bilan boshlandi. Ishtirokchilar samarali muloqot, jamoani boshqarish va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim tajribaga ega bo‘ldilar.
Shundan so‘ng hududiy jamoalarning innovatsion loyihalari taqdimoti o‘tkazildi:
🔹 Namangan jamoasi – “Umidli biznes” raqamli navigatori loyihasini taqdim etdi.
🔹 Samarqand jamoasi – sun’iy intellekt asosida prognoz qilish hamda imtiyozlarni KPI orqali baholash tizimini namoyish etdi.
🔹 Sirdaryo jamoasi – xodimlarning malakasi va amaliy tajribasini oshirishga qaratilgan tashabbuslar bilan ishtirok etdi.
🔹 Farg‘ona jamoasi – “E-Kadr” tizimini takomillashtirish hamda avtomoykalar faoliyatini sun’iy intellekt orqali nazorat qilish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdi.
Forum doirasida tashkil etilgan Quiz intellektual o‘yini ishtirokchilarning soliq qonunchiligi bo‘yicha bilimlari, kasbiy salohiyati va mantiqiy fikrlash qobiliyatini interaktiv tarzda sinovdan o‘tkazib, ularning bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Kun yakunida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual bellashuvi esa bilimga chanqoqlik, tezkor fikrlash va jamoaviy hamjihatlik muvaffaqiyatning eng muhim omili ekanini yana bir bor namoyon etdi.
“Yosh soliqchi – 2026” — bu oddiy forum emas.
Bu — kelajak soliq tizimini yaratadigan, yangi g‘oyalar tug‘iladigan, liderlar shakllanadigan va innovatsiyalar hayotga tatbiq etiladigan imkoniyatlar maydonidir.
Bu yerda har bir ishtirokchi nafaqat bilim oladi, balki ertangi kun uchun muhim tashabbuslar muallifiga aylanadi.
