“Chet ellik shaxslardan olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi hisob-kitobi”ni (29-kod) taqdim etish tartibi soddalashtirildi
2026-07-16 09:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Eslatib o‘tamiz, Chet ellik shaxslardan olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi hisob-kitobi hisobot davri yakunlari boʻyicha hisobot davridan keyingi oyning 20-sanasidan kechiktirmay taqdim etilishi lozim.
Endilikda iyun oyi uchun soliq hisobotini iyul oyida topshirish proaktiv tartibda shakllanadi. Bunda hisobot soliq organlarining axborot tizimlarida mavjud maʼlumotlar asosida avtomatik ravishda tayyorlanadi.
Hisobotni taqdim etish muddati tugashidan 5 kun oldin avtomatik shakllantirilgan hisob-kitob my.soliq.uz portalidagi soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetida, “Chet ellik shaxslardan olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha QQS hisob-kitobi” boʻlimining “Hisobotlar jurnali”ga joylashtiriladi.
Soliq toʻlovchi quyidagi amallarni bajarishi lozim:
1-qadam. “Hisobotlar jurnali” boʻlimiga kirib, “Avtomat” tugmasi orqali avtomatik shakllantirilgan hisobot bilan tanishish.
2-qadam. Hisobot maʼlumotlari toʻgʻri boʻlsa, uni oʻzgartirishsiz qoldirish.
3-qadam. Zarurat tugʻilganda “Oʻzgartirish” tugmasi orqali tegishli tuzatishlarni kiritish va yuborish.
Muhim!
Agar hisobotni taqdim etish muddati yakuniga qadar soliq toʻlovchi tomonidan hech qanday oʻzgartirish kiritilmasa, avtomatik shakllantirilgan hisob-kitobga rozilik bildirilgan deb hisoblanadi hamda ushbu hisobot soliq organlariga taqdim etilgan hisoblanadi.
