Toshkent xalqaro moliya markazi ishtirokchilari uchun soliq imtiyozlari
2026-07-16 10:10:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi «Toshkent xalqaro moliya markazi toʻgʻrisida»gi OʻRQ-1158-son Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilindi. Hujjat 2026-yil 25-iyuldan kuchga kiradi.
Qonun bilan Toshkent xalqaro moliya markazi uchun maxsus soliq rejimi belgilandi.
2076-yil 1-yanvarga qadar:
- Markaz organlari yoki ishtirokchilari tomonidan tashkil etilgan yoxud ularga toʻliq tegishli boʻlgan va ularning nazorati ostidagi tashkilotlar foyda soligʻi va ijtimoiy soliqni toʻlashdan ozod etiladi.
- Markazning malakali ishtirokchilari moliyaviy xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi va ijtimoiy soliqni toʻlashdan ozod etiladi.
- Markaz ishtirokchilari uning hududida koʻrsatilgan qoʻshimcha xizmatlardan olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi va ijtimoiy soliqni toʻlashdan ozod etiladi.
- Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti boʻlmagan Markaz xodimlari Markaz organi yoki ishtirokchisi tomonidan toʻlanadigan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
- Fond birjasining rasmiy roʻyxatiga kiritilgan qimmatli qogʻozlarni, Markaz ishtirokchilarining aksiyalari yoki kapitalidagi ulushlarini sotishdan olingan daromadlar, shuningdek ular boʻyicha dividendlar va foizlar soliq solishdan ozod etiladi.
- Markazning investitsiyaviy soliq rezidentlari Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar boʻyicha soliq solishdan ozod etiladi.
- Markaz hududida joylashgan hamda uning organlari yoki ishtirokchilariga tegishli boʻlgan yoxud ularning foydalanishidagi koʻchmas mulk mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.
- Konstitutsiyaviy Qonunda nazarda tutilgan Markaz ishtirokchilarining xizmatlari va faoliyati qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi.
Imtiyozlar Konstitutsiyaviy Qonun va Toshkent xalqaro moliya markazining qarorlarida belgilangan shartlar hamda talablarga rioya etilgan taqdirda qoʻllaniladi.
Tegishli moliya yilidan oldingi toʻrt moliya yilining kamida ikkitasida konsolidatsiyalashgan yillik daromadi 750 mln yevro yoki undan koʻpni tashkil etgan koʻp millatli korxonalar guruhi tarkibiga kiruvchi ishtirokchilar uchun malakali ichki minimal soliqni toʻlash nazarda tutilgan.
