Nazoratdan – servisga
2026-07-13 12:30:00 / Qo'mita yangiliklari

Prezidentning 2026-yil 19-maydagi PF–95-son va 2026-yil 26-maydagi PF–100-son farmonlari bilan tadbirkorlar uchun muhim yengilliklar joriy etildi:
🔹"Avtokameral" endi servis xususiyatiga ega — tadbirkorga aniqlangan tafovutlar haqida xabar beriladi, biroq aniqlashtirilgan hisobot yoki asoslovchi hujjatlarni taqdim etish majburiy emas;
🔹oʻrta xavf darajasida avval xabarnoma yuborilib, kamchiliklarni bartaraf etish uchun bir oy muddat beriladi. Kamchiliklar bartaraf etilsa, soliq tekshiruvi oʻtkazilmaydi;
🔹yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga dastlabki 6 oy davomida soliq va moliyaviy hisobotlarni yuborish boʻyicha bepul xizmat koʻrsatiladi;
🔹kameral soliq tekshiruvi talablari bajarilgandan soʻng bank hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni qayta tiklash jarayoni toʻliq avtomatlashtirildi;
🔹QQS toʻlovchisi guvohnomasining amal qilishini vaqtincha toʻxtatib turish tartibi bekor qilindi.
2028-yil 1-yanvarga qadar kichik biznes subyektlari uchun soliq xavfi summasi 500 mln. soʻmgacha boʻlganda — soliq auditi, soliq xavfi summasi 100 mln. soʻmgacha boʻlganda — sayyor soliq tekshiruvi oʻtkazilmasligi belgiland.
Asosiy maqsad — halol tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, shu bilan birga xufiyona iqtisodiyotning oldini olishdir.
Ma'lumki, Kameral soliq tekshiruvlari soliq toʻlovchining ishtirokisiz, uning hududiga chiqmasdan va hujjatlar talab qilib olinmagan holda amalga oshiriladi.
Soliq kodeksi 138-moddasi
Agar tekshiruv davomida tafovutlar aniqlansa, soliq toʻlovchi 5 ish kuni ichida shaxsiy kabinet orqali aniqlashtirilgan hisobot yoki asoslantiruvchi hujjatlarni taqdim etishi lozim.
Soliq kodeksi 56 va 138-moddasi
Taqdim etilgan asoslantiruvchi hujjatlarni soliq organlari tomonidan koʻrib chiqish majburiy hisoblanadi. Koʻrib chiqish natijalari haqida esa soliq toʻlovchi shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida oʻtkazilgan 18,2 mingta kameral tekshiruvning 3,2 mingtasida (18%) taqdim etilgan hujjatlar asosli deb topildi va tadbirkorlarning barqarorlik reytingiga salbiy taʼsirning oldi olindi. Shu bilan birga, talabnomalarga umuman javob berilmagan 5,2 ming holatda (29%) Ishchi-komissiya tartibida koʻrib chiqilib, soliq auditi oʻtkazilishi yuzasidan xulosa rasmiylashtirildi.
EHF xavfini baholash tizimi nima uchun kerak?
Mazkur tizim ham aynan halol biznes manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Ushbu tizim tadbirkorlik faoliyatini cheklash uchun emas, balki soxta EHFlar, "obnal" sxemalari va sunʼiy QQS hisobga olinishining oldini olish maqsadida joriy etilgan.
🔴 Qizil EHF — operatsiyada QQSning byudjetga tushmasligi xavfi mavjudligini anglatuvchi xavf signali.
🟢 Yashil EHF — operatsiya boʻyicha xavf past baholanganini bildiradi.
Muhimi, QQS budjetga toʻlangach, EHF avtomatik ravishda yashil toifaga oʻtishi va QQSni hisobga olish imkoniyati yaratiladi.
Yangi yondashuvning asosiy tamoyili oddiy:
- budjetga toʻlangan QQS hisobga olinadi;
- budjetga tushmagan QQS esa sunʼiy hisobga olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Natijada davlat siyosati halol tadbirkorlar uchun yanada qulay sharoitlarni yaratmoqda:
- AAA reytingdagi tadbirkorlarga QQS salbiy farqi 1 kunda, tekshiruvlarsiz qaytariladi;
- Qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga QQS qoplash 3 kunda avtomatik amalga oshiriladi;
- 10 million soʻmgacha boʻlgan QQS salbiy farqi arizasiz va tekshiruvlarsiz qaytariladi;
- BBB va undan yuqori reytingga ega tadbirkorlarga import va realizatsiyada toʻlanadigan QQSni oʻzaro hisobga olish tartibi qoʻllaniladi;
- 2027-yil 1-yanvardan boshlab soliq xavfi darajasi past boʻlgan hollarda QQSning salbiy farq summasini qaytarish (qoplash) inson omilisiz, avtomatik amalga oshiriladi.
Xulosa: zamonaviy soliq maʼmuriyatchiligi xavfli operatsiyalarni aniqlashga, halol tadbirkorlarni esa ortiqcha tekshiruvlarsiz qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
