“G‘azalkent”da yozgi sarguzashtlar davom etadi!
2026-07-10 11:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Soliq qoʻmitasi tasarrufidagi Oʻzbekistondagi birinchi va yagona bolalar sogʻlomlashtirish markazi — “G‘azalkent”da yozgi dam olish mavsumining uchinchi bosqichi tantanali ravishda boshlandi.
Joriy mavsumda oromgohda 150 nafar oʻgʻil-qiz 12 kun davomida mazmunli dam olishi rejalashtirilgan. Ular uchun sport, madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlar, ijodiy toʻgaraklar hamda turli tanlov va musobaqalar tashkil etiladi.
Markazda bolalarning jismoniy va maʼnaviy rivojlanishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy suzish havzasi, boy kitob fondiga ega kutubxona, shuningdek, sogʻlomlashtirishga qaratilgan 17 turdagi davolash va dam oldirish muolajalari oromgoh tarbiyalanuvchilari xizmatiga taqdim etilgan.
Shuningdek, bolalarning tabiat qoʻynida dam olishi, yangi doʻstlar orttirishi, jamoada ishlash koʻnikmalarini shakllantirishi, sport musobaqalari va ijodiy toʻgaraklarda oʻz iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.
Bugungi kunda mazkur markaz nafaqat bolalarning mazmunli dam olishi, balki ularning sogʻlom turmush tarziga amal qilishi, yangi bilim va koʻnikmalarga ega boʻlishi hamda vatanparvarlik, doʻstlik va jamoaviylik kabi yuksak qadriyatlarni mustahkamlashiga xizmat qilayotgan zamonaviy sogʻlomlashtirish maskanlaridan biri hisoblanadi.






