“E-bozor” platformasi yaratilmoqda
2026-07-07 15:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar va savdo komplekslarida raqamlashtirish ishlarini samarali tashkil etish hamda maishiy korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 358-sonli qarori qabul qilindi.
VMQ-358, 02.07.2026-yil.
Mazkur qarorga asosan korrupsiya va yashirin iqtisodiyotning oldini olish maqsadida 2026-yil 1-oktabrga qadar sinov tariqasida 2027-yil 1-martga qadar to‘liq tartibda “E-bozor” yagona raqamli bozor platformasi ishga tushirilishi belgilanmoqda.
Mazkur platforma orqali:
- bozorlar va savdo komplekslari pasporti, manzili, bo‘sh savdo shoxobchalari va savdo o‘rinlari ochiq eʼlon qilib borilishi;
-aholini bozorlar va savdo komplekslari faoliyatiga oid maʼlumotlar bilan tanishtirish, bozor maʼmuriyatiga elektron murojaat yo‘llash va javob olish imkoniyatlari yaratiladi.
“E-bozor” platformasining operatori sifatida Soliq qo‘mitasi belgilanib, qo‘mitaga bir qator vazifalar yuklatilmoqda. Jumlada:
har bir bozor va savdo kompleksiga soliq xodimlarini biriktirish va ularning faoliyati samaradorligini kunlik tahlil qilib borish;
bozorlar va savdo komplekslari ixtisoslashuvi, ish tartibi, turg‘un savdo nuqtalari va savdo o‘rinlari soni va joylashuvi, ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni “E-bozor” platformasiga kiritish;
bozor va savdo kompleksiga biriktirilgan soliq xodimlari “E-bozor” platformasida aks ettirilgan kunlik tushumlar haqqoniyligini joylarda doimiy ravishda monitoring qilib borish;
Markaziy bank bilan birgalikda qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqib, bozorlar va savdo komplekslari hududida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlarini to‘liq onlayn nazorat-kassa texnikalari bilan taʼminlash yoki onlayn to‘lovlar uchun QR kodli yorliqlar o‘rnatish choralarini ko‘rish;
bozor va savdo komplekslarining axborot tizimlari hamda avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomototransport vositalarining erkin kirishini (chiqishini) istisno etuvchi maxsus xotira bilan jixozlangan elektron shlagbaum yoki boshqa qurilmalarning soliq organlari axborot tizimiga integratsiya qilinmagani aniqlanganda, Soliq kodeksiga muvofiq jarima qo‘llanishini taʼminlash va boshqalar.
