Surxondaryo viloyati soliq tizimida yangi rahbar faoliyat boshladi
2026-06-27 11:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, iqtisodiy islohotlar samaradorligini oshirish hamda soliq maʼmuriyatchiligini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sohaga yuqori malakali, bilimli va tajribali kadrlarni tanlash hamda ularni munosib lavozimlarga tayinlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsadlar ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi raisi Farrux Pulatov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda Soliq qoʻmitasi Raisining tegishli buyrugʻi bilan Valiyev Akmal Xamzayevich Surxondaryo viloyati Soliq boshqarmasi boshligʻi lavozimiga tayinlangani eʼlon qilinib, jamoaga tanishtirildi.
Akmal Valiyev 1975-yilda Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tugʻilgan. 1998-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan boʻlib, mutaxassisligi — iqtisodiyot va ishlab chiqarishni boshqarish. U soliq xizmatining 2-darajali maslahatchisi maxsus unvoniga ega.
Koʻp yillik mehnat faoliyati davomida Samarqand viloyati soliq organlarida turli masʼul lavozimlarda samarali mehnat qilgan. Tayinlovga qadar esa 2024-yildan Samarqand viloyati Soliq boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan islohotlar doirasida soliq tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlariga yanada qulay muhit yaratish, soliq intizomi va byudjet barqarorligini taʼminlashda professional, tashabbuskor va yuksak salohiyatga ega rahbar kadrlarni saralash hamda ularni joy-joyiga qoʻyish davlat siyosatining muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanmoqda.
Ishonch bildirilgan yangi rahbarning boy tajribasi va kasbiy salohiyati Surxondaryo viloyatida soliq tizimi samaradorligini yanada oshirish, davlat byudjeti daromadlarini koʻpaytirish va iqtisodiy islohotlarning izchil amalga oshirilishiga munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.

