Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari kengaytirildi
2026-06-23 14:25:00 / Qo'mita yangiliklari

Oʻzbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi OʻRQ–419-sonli Qonuniga kiritilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlarga muvofiq, komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vakolatlari kengaytirildi.
Qoʻshimcha vazifalar:
▫️korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasini amalga oshiruvchi, byudjet mablagʻlari aylanmasini nazorat qiluvchi boʻlinmalar hamda shaxsiy xavfsizlik boʻlinmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
▫️korrupsiya holatlari hamda ularning oldini olish yuzasidan belgilangan tartibda tekshiruvlar oʻtkazilishini va qatʼiy javobgarlik choralari koʻrilishini tashkil etish;
▫️davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlar hamda nazorat tizimlarining joriy etilishini taʼminlash.
Qoʻshimcha huquqlar:
▫️korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv va tergov organlari bilan hamkorlik qilish hamda ularni belgilangan tartibda jalb etish;
▫️korrupsiyaviy omillarni aniqlash, ularning oldini olish va korrupsiya holatlariga chek qoʻyish maqsadida shaxslarning xatti-harakatlarini, hodisalarni hamda jarayonlarni bevosita yoki bilvosita kuzatish va qayd etish;
▫️oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan maʼlumotlar, zarur hujjatlar hamda materiallarni soʻrash va olish;
▫️vakolatini amalga oshirish doirasida zarurat tugʻilganda tegishli hujjat va materiallar bilan tanishish maqsadida davlat organi va tashkilotining obyektlariga toʻsqinliksiz kirish;
▫️davlat organi va tashkiloti tizimida qonun buzilishi holatlarining oldini olish yuzasidan koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha taqdimnomalar kiritish.
Shuningdek, qonun bilan komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Komplayens xizmati muvofiqlashtirib borishi belgilandi.
Mazkur oʻzgartirishlar davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish hamda javobgarlikning muqarrarligini taʼminlashga xizmat qiladi.
