O‘zbekiston delegatsiyasi soliq ma’muriyatchiligida sun’iy intellekt bo‘yicha ilg‘or yechimlarni o‘rgandi
2026-06-19 14:25:00 / Qo'mita yangiliklari

Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkiloti (IOTA)ning 30-General assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi delegatsiyasi soliq organlari uchun sun’iy intellekt zamonaviy texnologiyalari va raqamli yechimlar bilan tanishdi.
IOTA General assambleyasi doirasida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada yetakchi xalqaro kompaniyalarning soliq ma’murchiligi samaradorligini oshirish, soliq qonunbuzarliklarini aniqlash va soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy ishlanmalari namoyish etildi.
Tadbir davomida QQS sohasida firibgarliklarga qarshi kurashishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Qator Yevropa davlatlarida bunday tizimlar elektron hisobvaraq-fakturalar, bank operatsiyalari va boshqa manbalardagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida tahlil qilib, shubhali operatsiyalar, soxta korxonalar va noqonuniy soliq chegirishlarini aniqlash imkonini bermoqda. Bu esa qonunbuzarliklarning oldini olish va nazorat tadbirlarini yuqori xavfga ega subyektlarga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, elektron hisobvaraq-fakturalarni avtomatik tahlil qilish yechimlari ham katta qiziqish uyg‘otdi. Zamonaviy texnologiyalar hujjat rasmiylashtirilgan zahoti ehtimoliy xatolar, soliq xavflari va shubhali operatsiyalarni aniqlash imkonini berib, soliq to‘lovchilarga muammolarni qonunbuzarlikka aylanishidan oldin bartaraf etishga yordam beradi.
Xalqaro tajribani o‘rganish O‘zbekiston soliq tizimini raqamli transformatsiya qilish doirasida Soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan uyg‘un. Ayni paytda soliq tushumlarini prognoz qilish, soliq xavflarini aniqlash va nazorat ishlari samaradorligini oshirish maqsadida sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda.
Bunday texnologiyalarni joriy etish soliq ma’muriyatchiligi sifatini oshirish, qonunbuzarliklarning oldini olish, davlat, fuqarolar va biznes o‘rtasidagi munosabatlarni yanada qulay va shaffof qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha xorijiy tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni davom ettiradi.
