Oʻzbekiston Yevropaning yana bir tashkiloti – IOTAga aʼzo boʻldi
2026-06-17 18:30:00 / Qo'mita yangiliklari

Shu kunlarda Budapesht shahrida Yevropa soliq maʼmuriyatlari tashkiloti (IOTA)ning 30-Bosh assambleyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda Soliq qoʻmitasi raisi F. Poʻlatov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Bosh assambleyaning yopiq yalpi majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining IOTAga assotsiatsiyalangan aʼzo sifatida qoʻshilish boʻyicha arizasi koʻrib chiqildi.
Plenar majlisda soʻzga chiqqan F. Poʻlatov Oʻzbekistonda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berdi. Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatda xavfga qaratilgan yondashuv va soliq majburiyatlariga ixtiyoriy rioya qilishni qoʻllab-quvvatlash, maʼlumotlar tahlili, raqamli xizmatlarga asoslangan texnologik va mijozlarga yoʻnaltirilgan zamonaviy soliq tizimi izchil shakllantirilmoqda.
Soliq ma’muriyatchiligining raqamli ekotizimini, avtomatlashtirilgan xavflar tahlilni, shuningdek, soliqlarni proaktiv hisoblashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur chora-tadbirlar ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish, soliq tizimi shaffofligini oshirish hamda milliy va xorijiy investorlar uchun bashorat qilsa bo‘ladigan ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgani ta’kidlandi.
IOTA Bosh assambleyasining yopiq yalpi majlisida, yashirin ovoz berish yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston Yevropaning ushbu nufuzli tashkilotiga aʼzo sifatida qabul qilindi.
IOTAga aʼzolik Oʻzbekistonga Yevropa davlatlari soliq maʼmuriyatlari bilan kasbiy tajriba almashinuvini yanada faollashtirish, soliq maʼmurchiligi, raqamlashtirish, risklarni boshqarish va komplayens sohalaridagi ilgʻor xalqaro amaliyotlarni joriy etish, shuningdek, soliq tizimini keng koʻlamli raqamli transformatsiya qilish boʻyicha oʻz tajribasi bilan boʻlishish imkonini beradi.
Davom etayotgan Bosh Assambleya doirasida ishtirokchilar soliq ma’muriyatchiligida sun’iy intellekt va xulq-atvor tahlilini qo‘llashning dolzarb masalalari, intellektual komplayens vositalarini rivojlantirish, xatarlarni boshqarish, avtomatlashtirilgan qarorlar shaffofligi hamda soliq ma’muriyatchiligining 2030-yilgacha bo‘lgan istiqboldagi modellarini muhokama qilmoqda.
Oʻzbekistonning IOTAga qabul qilinishi mamlakatning soliq tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va zamonaviy soliq maʼmuriyatlarining professional hamjamiyatiga integratsiyalashuv yoʻlidagi izchil siyosati tasdigʻi boʻldi.

