"Soliq" ilovasidagi "Daraxt va koʻchatlarni ekish jamgʻarmasi" boʻyicha tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat
2026-06-16 18:35:00 / Qo'mita yangiliklari

Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda "Soliq" mobil ilovasida foydalanuvchilarning roziligisiz "Daraxt va koʻchatlarni ekish jamgʻarmasi" kartasi biriktirilgani hamda mazkur mexanizm orqali mablagʻlar oʻzlashtirilayotgani haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan xabarlar tarqalmoqda.
Soliq qoʻmitasi ushbu maʼlumotlar asossiz ekanini maʼlum qiladi hamda vaziyat yuzasidan quyidagilarni tushuntiradi.
Mazkur funksiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-noyabrdagi PQ–343-son qaroriga muvofiq joriy etilgan boʻlib, qarorning 17-bandida Soliq qoʻmitasiga Ekologiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda "Soliq" mobil ilovasi orqali fuqarolarga qaytariladigan keshbek mablagʻlarini ixtiyoriy ravishda daraxt koʻchatlarini ekish ishlariga yoʻnaltirish imkoniyatini yaratish vazifasi belgilangan.
Shunga koʻra, ilovada aks ettirilgan "Daraxt va koʻchatlarni ekish jamgʻarmasi" hisob raqami fuqarolarning shaxsiy mablagʻlarini yoki keshbeklarini majburiy tarzda yechib olish uchun emas, balki ularning xohishiga koʻra xayriya qilish imkoniyatini taʼminlash maqsadida yaratilgan.
Taʼkidlaymizki:
• fuqarolarning shaxsiy mablagʻlari hech qanday holatda ularning ruxsatisiz yechilmaydi;
• yigʻilgan keshbek mablagʻlari faqat foydalanuvchining ixtiyoriy qarori asosida mazkur jamgʻarmaga yoʻnaltirilishi mumkin;
• barcha amallar foydalanuvchining tasdigʻi va roziligi asosida amalga oshiriladi.
Shu munosabat bilan blogerlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq faollaridan maʼlumotlarni tarqatishdan avval uning haqqoniyligini tekshirishni, aholi oʻrtasida turli tushunmovchiliklarga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan tasdiqlanmagan xabarlarni eʼlon qilmaslikni soʻraymiz.
Rasmiy va ishonchli maʼlumotlarni vakolatli davlat organlarining rasmiy manbalari orqali olish mumkin.
