Aziz yurtdoshlar, muhtaram soliq tizimi fidoyilari!
2026-05-27 09:00:00 / Umumxalq bayramlari
Aziz yurtdoshlar, muhtaram soliq tizimi fidoyilari!
Sizlarni butun musulmon ummati uchun ezgulik, bagʻrikenglik va insonparvarlik timsoli boʻlgan ulugʻ ayyom — Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Qurbon hayiti asrlar davomida xalqimizning maʼnaviy hayotida ezgu qadriyatlar, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik tuygʻularini mustahkamlab kelayotgan muqaddas bayramdir. Bu ulugʻ kun inson qalbida poklik, bagʻrikenglik va Yaratganga shukronalik tuygʻularini yanada yuksaltirib, jamiyatda oʻzaro hurmat va hamjihatlik muhitini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Bugun Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan ulugʻ tamoyil asosida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar zamirida ham avvalo inson manfaati, uning qadri va farovon hayoti mujassamdir. Qurbon hayitining ezgu gʻoyalari — mehr-muruvvat, ehtiyojmandlarga koʻmak berish, keksalarni eʼzozlash va bagʻrikenglik kabi fazilatlar xalqimiz hayotida tobora mustahkam oʻrin egallamoqda.
Ayniqsa, davlat va jamiyat taraqqiyotida halollik, adolat va masʼuliyat tamoyillarini qaror toptirishda soliq tizimi xodimlarining mehnati va fidoyiligi alohida ahamiyat kasb etadi. Zero, halol mehnat va qonuniylik — taraqqiyotning eng mustahkam poydevoridir.
Shu muborak ayyomda barchangizga mustahkam sogʻliq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka va fayzu futuh tilayman. Yurtimiz osmoni musaffo, xalqimiz hayoti farovon, el-yurtimiz birdam va ahil boʻlsin.
Muhtaram vatandoshlar!
Qurbon hayiti har bir xonadonga mehr va saodat, qalblarga ezgulik va umid, yurtimizga esa yanada taraqqiyot va barqarorlik olib kirsin.
Yaratganning oʻzi barcha ezgu niyatlarimiz va duolarimizni ijobat aylasin.
Qurbon hayiti muborak boʻlsin!
Farrux Pulatov,
Soliq qoʻmitasi raisi
