Markirovkalangan mahsulotlar bilan ishlash tartiblari soddalashtirildi
2026-06-09 14:35:00 / Qo'mita yangiliklari

Markirovkalangan mahsulotlar bilan ishlash tartiblari soddalashtirildi hamda raqamli markirovka masalalari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash kanali yaratildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PF-100-son Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan boshlab mehmonxona xizmatlari va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun xarid qilingan alkogol mahsulotlari yakuniy iste’mol uchun realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.
Bunday subyektlarning maqomi soliq hisobotlari maʼlumotlari asosida aniqlanadi
Shu munosabat bilan mazkur subyektlar tomonidan xarid qilingan bunday mahsulotlarning raqamli markirovka kodlari mahsulot sotib olingan paytdan boshlab muomaladan chiqarilgan deb hisoblanadi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xo‘jaligi subyektlari tomonidan alkogol mahsulotlarini onlayn-NKM orqali realizatsiya qilishda raqamli markirovka kodlarini skanerlash hamda ularni fiskal cheklarda aks ettirish talab etilmaydi.
Bundan tashqari, raqamli markirovka bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish maqsadida Soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidagi “Raqamli markirovka bilan ishlash” servisida Raqamli markirovkalash qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat bo‘yicha Hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot kanali ishga tushirildi.
Har bir murojaat uch ish kunidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. Javob olingandan soʻng soliq toʻlovchi taqdim etilgan javob va qayta aloqa sifatiga baho berish imkoniyatiga ega boʻladi.
Past baho qo‘yilgan murojaatlar xizmat ko‘rsatish sifati va murojaatlarni ko‘rib chiqish tezkorligini oshirish choralarini ko‘rish maqsadida rahbariyat tomonidan alohida nazoratga olinadi.
