Fuqarolarga mol-mulk va yer soligʻini toʻlash haqida SMS yuborilmoqda
2026-06-03 09:05:00 / Qo'mita yangiliklari

Jismoniy shaxslar mol-mulk va yer soligʻini teng ikkiga boʻlgan holda, yarmini 15-aprelgacha qolgan yarmini 15-oktabrga qadar toʻlashlari belgilangan.
Soliq toʻlovchilarning mobil telefonlariga toʻlanishi lozim boʻlgan yer va mol-mulk soliqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar SMS koʻrinishida yuborilmoqda.
SMS ostida "Batafsil" hamda "Toʻlash" yozuvi bor. "Batafsil" yozuvi orqali toʻlov xabarnomasi yuklab olinadi. Xabarnomadan obyekt manzili, maydoni, kadastr qiymati, soliq stavkasi, summasi, soliq organi masʼul xodimi aloqa raqami va boshqa maʼlumotlar oʻrin olgan.
"Toʻlash" yozuvi bosilganda esa “Soliq” mobil ilovasi joylangan platforma ochiladi. Agar ilova foydalanuvchi qurilmasiga oʻrnatilgan boʻlsa ilovaning “Soliqlarni toʻlash” oynasidan toʻlovni tez va oson amalga oshirish mumkin. Oʻrnatilmagan boʻlsa platforma orqali yuklab olinadi.
Toʻlov xabarnomasida koʻrsatilgan koʻchmas mulk maydoni, kadastr qiymati, yer uchastkasi egallagan maydon toʻgʻrisidagi maʼlumotlar haqiqatda mavjud obyekt va yer maydonidan farq qilsa yoki sizga tegishli boʻlmasa kadastr idoralariga murojaat qilish lozim.
E'tibor bering: SMS Soliq.uz manzilidan (Perfectum abonentlariga 6079 raqamidan) yuborilmoqda. Boshqa manzildan yuborilgan SMSlar soliq organiga tegishli emas.
